Neymar Ronalduning xayrlashuviga bir so‘z bilan munosabat bildirdi
Braziliyalik hujumchi Neymar Krishtianu Ronalduning Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlash haqidagi qaroriga munosabat bildirdi. 34 yoshli futbolchi portugaliyalik yulduzning Instagram sahifasida e’lon qilgan xayrlashuv videomurojaatiga izoh qoldirdi. Bu haqda Braziliyaning UOL nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Neymar Ronalduning postiga “Lenda” (“Afsona”) deb yozgan va qarsak chalayotgan qo‘llar emojisini qo‘shgan. Shu tariqa, braziliyalik futbolchi ko‘p yillar davomida maydonda raqib bo‘lgan portugaliyalik hujumchiga hurmatini bildirgan.
Ronalduning qaroriga boshqa taniqli futbolchilar ham munosabat bildirgan. Jumladan, “Real Madrid” hujumchisi Vinisius Junior “Sen hamisha birinchi raqamsan”, deb yozgan. Portugaliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Pepe esa “Bu futboldan ham ko‘proq narsa edi. Hammasi uchun rahmat, Kris”, deya sobiq jamoadoshiga minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, “Manchester Yunayted”, “Yuventus” va FIFA ham Ronalduning xalqaro faoliyatiga bag‘ishlangan xabarlar e’lon qilgan.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 2003-yilda Portugaliya terma jamoasida debyut qilgan. U milliy jamoa safida 234 ta uchrashuv o‘tkazib, 146 ta gol urgan va har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan. Shuningdek, Portugaliya bilan 2016-yilgi Yevropa chempionati hamda 2019 va 2025-yillardagi UEFA Millatlar ligasi g‘olibiga aylangan.