Skoulz Pochettino haqida: «Unda «Manchester Yunayted» kabi katta klubda ishlash uchun zarur obro‘ va tajriba bor»
«Manchester Yunayted»ning sobiq yarimhimoyachisi Pol Skoulz Mauritsio Pochettinoning jamoa bosh murabbiyligiga tayinlanishi mumkinligi haqida fikr bildirdi.
«Maurisio Pochettino ajoyib murabbiy. Unda «Manchester Yunayted» kabi katta klubda ishlash uchun zarur obro‘ va tajriba bor. U yosh futbolchilar bilan ishlashni biladi, «MYU» esa hozir aynan shu yo‘nalishga e’tibor qaratmoqda.
Meni faqat klub uning uchun kurashga biroz kech qo‘shilgani xavotirga soladi. Pochettinoda sovrin yutmaydigan murabbiy degan obro‘ shakllangan. Ehtimol, avvalroq aynan shu jihat «Manchester Yunayted»ni undan biroz uzoqlashtirgandir.
Ammo hozir klub butunlay boshqa vaziyatda. Balki ular hatto sovrinlar uchun kurash haqida ham o‘ylamayotgandir», — dedi Skoulz The Good, The Bad & The Football podkastida.
Ma’lumot uchun, Pochettino faoliyati davomida «Tottenhem», «PSJ» va «Chelsi» klublarini boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, OAV xabarlariga ko‘ra, argentinalik mutaxassis «MYU»ning yangi bosh murabbiyi bo‘lishga yaqin.