Fabio Kannavaro: «Afsuski, 2:0 hisobida oldinda borayotgan vaqtimizda to‘xtab qoldik»
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik bahsidan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Jahon chempionatida milliy jamoa sardori sifatida maydonga tushishi qiyinmi yoki boshqa bir jamoa ustozi sifatida ishtirok etishmi?
- Albatta, bosh murabbiy sifatida jamoani maydonga olib tushish qiyinroq. Chunki hamma narsa sizga bog‘liq emas. Barchasi jamoa va futbolchilarga bog‘liq bo‘ladi. Agarda o‘yinchi sifatida harakat qilsangiz, o‘yin taqdirini hal qilish sizning qo‘lingizda bo‘ladi. Individiual harakatlar ko‘p narsani belgilab beradi.
- Ikki himoyachi bilan o‘ynash g‘oyasidan kechish vaqti kelmadimi? Bugun ham himoyada xatolar kuzatildi…
- Agarda jamoa yuqori pressing orqali o‘yin namoyish etsa, markaziy himoyachilar bilan ham shu tarzda harakat qilishga to‘g‘ri keladi. Aks holda o‘yinchilar orasida masofada ochilish paydo bo‘ladi. Himoyadagi asosiy xatoimiz asosan standart vaziyatlarda jarima maydonchasida sodir bo‘lmoqda. Umuman olganda yaxshi o‘yin o‘tkazdik. 2:0 hisobida oldinda borayotganimizda tempni biroz tushirdik. Hakam o‘yin yakunlanganini bildiruvchi hushtagini chalmaguncha futbol o‘ynash kerak. Hozir yigitlarga shuni ta’kidladim. Futbol shunaqa shafqatsiz. Yaxshi o‘yin bilan ham mag‘lubiyatga uchrash mumkin.
- Rasmiy o‘yinlarda avvalgi sxema 3-4-3ga o‘tsak bo‘ladimi?
- Albatta, so‘nggi 10 daqiqada 3 ta himoyachi bilan o‘ynash mumkin. Ammo muammo tizim yoki sistemada emas. Bu yerdagi bizga tajriba yetishmadi va bahsni nazorat qila olmadik. Uzun paslarda ko‘p xato qildik. Oddiy uzatmalarda ham kamchiliklar kuzatildi. To‘psiz ko‘proq yugurishga to‘g‘ri keldi. Bu esa ko‘p energiya sarflashiga olib keladi. Birinchi bo‘limda ham ko‘p to‘plarni yo‘qotdik. Mana shunday kuchli jamoalarga qarshi bahsda siz avvalo shaxsiyatingizni ko‘rsatishingiz kerak. Ya’ni, qo‘rqmasdan futbol namoyish etishingiz shart. Yana aytaman, bizda hali yaxshilash zarur bo‘lgan ko‘p jihatlar bor. Hali buni tahlil qilamiz. Kerak bo‘lsa, keyinchalik 3 ta markaziy himoyachi bilan ham maydonga chiqarmiz. Yana aytaman, bizning eng katta xatoimiz hisob 2:0 bo‘lib turgan vaqtida to‘xtab qolgani.
- Bu bahsda qaysi jihatlarni ijobiy baholaysiz? Keyingi o‘yinda jamoada nimalarni o‘zgartirishga e’tibor qaratasiz?
- Bu bahsni hali yana bir marotaba ko‘rib chiqaman. Shundan keyin o‘zimga kerakli xulosani olaman. Biz kuchli jamoaga qarshi yaxshi o‘ynadik. Ammo shunday raqibga qarshi bahslarda har bir vaziyatdan unumli foydalanishimiz talab etiladi. Avval aytganimdek, Janubiy Koreyaga qarshi chiroyli o‘ynab, 2:0 hisobida yutqazishingiz mumkin. Yoki bugungidek 2:0 hisobida yutib turib, oxirida imkoniyatni boy berish ham mumkin. Demoqchimanki, futbol – faqat chiroyli o‘yindan iborat emas. Hamma narsaga tayyor bo‘lishingiz talab etiladi.