Kannavaro: «Darvozabonlar borasida muammo ko‘rmayapman»
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Osiyo kubogiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rayotgandik, ammo turnir qoldirildi. Balki, buning yaxshi tomonlari ham bordir. Jamoani yanada shakllantirib olamiz, ko‘proq futbolchilarni sinab ko‘ramiz.
Rossiya milliy jamoasi va futbolchilari haqida yetarlicha ma’lumotga egamiz. Ularning o‘yinlarini ko‘rib, tahlil qilib chiqdik. Bu agressiv va zich o‘ynaydigan kuchli jamoa. Ammo har bir jamoada bo‘lganidek, raqibning zaif tomonlari ham bor. Menga kuchli raqiblarga qarshi o‘ynash yoqadi. Futbolchilar ham bunday o‘yindan yaxshi tajriba olishadi.
Darvozabonlar? Hamma tanqid qilyapti, ammo men muammo ko‘rmayapman. Yaxshi darajadagi posbonlar yig‘ilgan. Ertaga ularning istalgani maydonga tushishi mumkin. Har bir golda darvozabonlarni ayblab, ularga bosim yuklayverish noto‘g‘ri. Masalan, Janubiy Koreyaga (0:2) qarshi bahsda o‘tkazib yuborilgan birinchi golda ko‘proq «jonli devor» xatoga yo‘l qo‘ydi, ikkinchi golda esa himoyachilar hujumchini bo‘sh hududda yolg‘iz qoldirishdi», — dedi Kannavaro matbuot anjumanida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston — Rossiya bahsi 12-noyabr kuni «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan 19:00da start oladi.