Skott MakTominey JCh boshlanishidan ikki kun oldin shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi
Shotlandiya milliy terma jamoasi va Italiyaning “Napoli” klubi yarim himoyachisi Skott MakTominey 2026-yilgi jahon chempionati oldidan yuragi bilan bog‘liq jiddiy muammoga duch kelganini oshkor qildi. Futbolchi mundialdagi ilk uchrashuvdan atigi ikki kun avval shifoxonada muolaja olgan. Bu haqda AFP xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 29 yoshli futbolchining yurak urish ritmida buzilish aniqlangan. Shu sababli u Gaitiga qarshi uchrashuv oldidan shifokorlar nazoratida yurak ritmini tiklash muolajasidan o‘tgan. O‘sha vaqtda MakTomineyning mashg‘ulotlarda qatnashmayotgani oshqozonidagi muammo bilan izohlangan edi.
“Gaitiga qarshi o‘yindan ikki kun oldin yuragimga elektr impulsi berishlariga to‘g‘ri keldi. Jahon chempionatiga shuncha tayyorgarlik ko‘rib, ilk o‘yindan avval shifoxonada yotish oson bo‘lmadi. Biroq bunday vaziyatlarda ham oldinga intilish kerak”, — deya futbolchining so‘zlarini keltiradi manba.
Ma’lumot uchun, MakTominey jahon chempionatida Shotlandiyaning uchala uchrashuvida ham ishtirok etgan. Biroq uning jamoasi Gaiti ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Marokash va Braziliyaga mag‘lub bo‘lib, guruh bosqichidayoq musobaqani tark etgan. Futbolchi sentyabr oyida yurak ritmi bilan bog‘liq muammoni davolash uchun jarrohlik amaliyotini ham boshdan kechirgan.