Fabio Kannavaro Rossiyaga qarshi o‘yin haqida: “Bizga oson bo‘lmaydi”
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Rossiyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan raqib jamoaning imkoniyatlariga baho berdi. Italiyalik mutaxassis Rossiyani kuchli terma jamoa deb hisoblashini va bo‘lajak bahs o‘zbekistonlik futbolchilar uchun jiddiy sinov bo‘lishini ta’kidladi.
Kannavaroga ko‘ra, murabbiylar shtabi Rossiya terma jamoasining ko‘plab uchrashuvlarini tahlil qilgan. U raqibning agressiv va tartibli o‘yin uslubiga e’tibor qaratib, bosh murabbiy Valeriy Karpinning futbolchilik faoliyatini ham yuqori baholagan.
“Men bu jamoani va uning futbolchilarini yaxshi bilaman. Rossiya terma jamoasining ko‘plab o‘yinlarini tomosha qildik. Bu juda kuchli jamoa. Karpinni ham taniyman, u juda yaxshi futbolchi bo‘lgan. Rossiya agressiv va tartibli o‘yin namoyish etadi. Bizga oson bo‘lmaydi. Bu biz uchun yaxshi sinov, chunki top-jamoaga qarshi o‘ynaymiz. Ushbu uchrashuv o‘z imkoniyatlarimizni tekshirish va futbolchilarimizning tajriba orttirishi uchun yaxshi imkoniyat”, - dedi Kannavaro.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi 12-noyabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da boshlanadi.