Uchta ko‘rsatkich bo‘yicha APLda Husanovga teng keladigani topilmadi
“Manchester Siti” klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya Premyer-ligasida muhim natijani qayd etdi. O‘zbekistonlik futbolchi 2025/26-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, o‘ng markaziy himoyachilar orasida maksimal tezlik, sprint masofasi va sprintlar hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda STATSports kompaniyasi Gradient Sports ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Husanov mavsum davomida soatiga 35,75 kilometr tezlikni qayd etgan. Shuningdek, u har 90 daqiqada o‘rtacha 320 metr masofani sprint tezligida bosib o‘tgan. Ushbu natijalar o‘zbekistonlik himoyachiga o‘z pozitsiyasidagi boshqa futbolchilarni ortda qoldirish imkonini bergan.
Husanovning yuqori tezlikda harakatlanishi, qisqa masofada tezlanishi va katta hududlarni nazorat qila olish qobiliyati mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan. Natijada u jismoniy ko‘rsatkichlar asosida tuzilgan Angliya Premyer-ligasi mavsumining ramziy jamoasidan ham joy olgan.
Ma’lumot uchun, STATSports mazkur reytingni tuzishda mavsum davomida kamida 1000 daqiqa maydonda harakat qilgan futbolchilarning natijalarini hisobga olgan. Tahlilda umumiy yugurish masofasi, maksimal tezlik, sprintlar soni va yuqori tezlikdagi harakatlar baholangan. Husanov esa uchta ko‘rsatkich bo‘yicha o‘z pozitsiyasining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.