Hindiston futbol federatsiyasi irqchilik yuzasidan OFKga shikoyat qildi
Hindiston futbol federatsiyasi Falastin U-17 terma jamoasi futbolchisining xatti-harakatlari yuzasidan Osiyo futbol konfederatsiyasiga rasmiy shikoyat yubordi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, falastinlik futbolchi Taha Suaydan hindistonlik raqibiga nisbatan irqiy kamsitish sifatida talqin qilingan ishorani amalga oshirgan.
Hindiston tomoni mazkur voqeaga oid videotasvirlarni o‘rganib chiqish va tegishli choralarni ko‘rishni talab qilmoqda. Falastinlik futbolchi esa irqchilikda ayblanishini rad etib, ushbu harakati Malayziyadagi yuqori namlik tufayli yuzaga kelgan noqulaylik bilan bog‘liq ekanini aytgan.
Ma’lumot uchun, mazkur voqea 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan U-17 Osiyo kubogining saralash bosqichi doirasidagi uchrashuvda yuz bergan.