locale OZ

Devid Bekhem 38 million yevro talab qilmoqda: sobiq futbolchi atir ishlab chiqaruvchi kompaniyani sudga berdi

Xalqaro OAV xabarlariga ko‘ra, sobiq futbolchi o‘z nomi ostida ishlab chiqarilgan atirlar yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi arzon mahsulotlar rastasida ham sotilganini aniqlagan.
Eksklyuziv yangiliklar
Devid Bekhem 38 million yevro talab qilmoqda: sobiq futbolchi atir ishlab chiqaruvchi kompaniyani sudga berdi
photo: gettyimages

Ser Devid Bekhem «Coty» parfyumeriya kompaniyasidan norozi bo‘lib, unga qarshi sudga da’vo arizasi kiritdi. Xalqaro OAV xabarlariga ko‘ra, sobiq futbolchi o‘z nomi ostida ishlab chiqarilgan atirlar yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi arzon mahsulotlar rastasida ham sotilganini aniqlagan. Sud hujjatlarida Bekhem tomoni 38 million yevro miqdorida tovon puli talab qilayotgani ko‘rsatilgan.

Bekhem «Coty» kompaniyasi bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib keladi. Ushbu kompaniya uning nomi ostida 30 dan ortiq turdagi atirlarni ishlab chiqargan. Buyuk Britaniyada ularning bir donasi odatda 20 funt sterling atrofida sotiladi. Biroq Bekhemning tijoriy huquqlarini boshqaruvchi «DB Ventures» kompaniyasi «Coty» mahsulotlarni sotish joylari bo‘yicha kelishuv shartlariga rioya qilmaganini ta’kidlamoqda.

Nyu-Yorkdagi Oliy sudga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, «Coty» atirlarni Bekhemning xohishiga zid ravishda turli savdo nuqtalariga yetkazib bergan. Mahsulotlar Buyuk Britaniyadagi arzon narxli savdo tarmog‘i Poundland do‘konlarida, shuningdek, yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi chegirmali mahsulotlar rastasida sotuvga qo‘yilgan.

Bekhemning advokatlari bunday savdo nuqtalarida mahsulotlarning sotilishi uning brend imijiga zarar yetkazishini bildirmoqda. «DB Ventures» sobiq Angliya milliy jamoasi futbolchisi yillar davomida shakllantirgan eksklyuziv va hashamatli brend obro‘sini saqlab qolmoqchi. Sud hujjatlarida advokatlar «Coty» kompaniyasini «umidsizlik va ochko‘zlik»da ham ayblagan.

photo: gettyimages

«DB Ventures» ma’lumotlariga ko‘ra, «Coty» Bekhem nomi ostidagi mahsulotlarni ruxsat etilmagan savdo nuqtalari orqali kamida 24 million dollar (22 million yevrodan ortiq) qiymatida sotgan. Shu sababli kompaniya jami 41 million dollar, ya’ni taxminan 38 million yevro miqdorida tovon puli undirishni talab qilmoqda.

Bundan tashqari, «DB Ventures» «Coty» sof aylanma daromadni 123 million dollarga kam ko‘rsatganini da’vo qilmoqda. Bekhem kompaniyasi buning oqibatida qariyb 6 million dollar miqdoridagi royalti to‘lovidan mahrum bo‘lganini aytmoqda.

«Coty» esa sudga o‘z himoya pozitsiyasini taqdim etib, da’voni rad etishni so‘ragan. Kompaniya Bekhem atirlarini hech qachon Poundland orqali sotmaganini va mahsulotlar qaysi savdo nuqtalarida sotilishini o‘zi belgilash huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Devid Bekhem 2013 yilda professional futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Shundan so‘ng u yirik biznes imperiyasini shakllantirdi. Britaniya OAV xabarlariga ko‘ra, uning kompaniyasi joriy yilda Bekhemga 51 million dollar dividend to‘lagan. Bunga qisman Jahon chempionati bilan bog‘liq daromadli hamkorliklar sabab bo‘lgan.

«Sunday Times» nashrining eng so‘nggi boylar ro‘yxatiga ko‘ra, Devid Bekhem va uning tadbirkor rafiqasi Viktoriya Bekhemning umumiy boyligi taxminan 1,4 milliard yevroni tashkil etadi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting