UFC jangchisi Jan Silvani avtomobil urib yubordi
Yarim yengil vazn toifasida faoliyat olib borayotgan braziliyalik UFC jangchisi Jan Silva Braziliyaning Arakaju shahrida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda jangchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
Silvaning so‘zlariga ko‘ra, u Ironman triatlon musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida velosipedda mashg‘ulot o‘tkazayotgan vaqtida avtomobil bilan bog‘liq hodisa yuz bergan.
Braziliyalik jangchi haydovchi uni ataylab urib yuborganini da’vo qilgan va tegishli organlardan ushbu hodisaga oydinlik kiritishni so‘ragan. Hozircha haydovchining harakati qasddan sodir etilgani mustaqil ravishda tasdiqlanmagan. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, jangchi jiddiy jarohat olmagan.
Ma’lumot uchun, Jan Silva UFC'ning yarim yengil vazn toifasidagi taniqli jangchilaridan biri bo‘lib, chempionlik uchun kurashish istagini bildirib kelmoqda.