Javohir Sindarov uchun Jenevaga ikki nafar maxsus oshpaz jalb etildi
Shveysariyaning Jeneva shahrida shaxmat bo‘yicha jahon toji uchun kurash olib borayotgan Javohir Sindarovga yaratilgan sharoitlar xorijiy matbuot e’tiborini tortmoqda. Hindistonning The Indian Express nashri hamyurtimiz uchun tashkil etilgan maxsus xizmatlar haqida maqola e’lon qildi.
Nashrga ko‘ra, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Sindarov va uning jamoasini milliy taomlar bilan ta’minlash maqsadida Yevropaning ikki mamlakatidan o‘zbekistonlik oshpazlarni Jenevaga jalb qilgan. Ular jahon chempionligi bahsi davomida delegatsiya uchun taom tayyorlab berishadi.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Saidmurod Dilmurodov nashrga bergan intervyusida ovqatlanish sportchining kayfiyatiga ham ta’sir qilishini ta’kidlagan. Sindarovning o‘zi esa turli xalqlarning taomlarini iste’mol qilishda muammosi yo‘qligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Javohir Sindarovga Jenevadagi bahs davomida grossmeysterlar Nikita Vityugov va Muhiddin Madaminov yordam bermoqda. Hamyurtimizni qo‘llab-quvvatlash uchun uning bobosi Komil Sindarov ham Shveysariyaga yetib borgan.