locale OZ

Javohir Sindorov uchun Jenevaga ikki nafar shaxsiy oshpaz olib kelindi

Shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib boradigan Javohir Sindorovning jamoasi Jenevadagi barcha sharoitlarni oldindan hisobga olgan.
Eksklyuziv yangiliklar
Javohir Sindorov uchun Jenevaga ikki nafar shaxsiy oshpaz olib kelindi
photo: IndianExpress

Shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib boradigan Javohir Sindorovning jamoasi Jenevadagi barcha sharoitlarni oldindan hisobga olgan. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi 20 yoshli grossmeyster va uning jamoasi uchun Yevropaning turli mamlakatlarida faoliyat yurituvchi ikki nafar o‘zbek oshpazini Shveysariyaga taklif qilgan.

2004-yilda Rustam Qosimjonov FIDE jahon chempionligini qo‘lga kiritganidan buyon ilk bor o‘zbekistonlik grossmeyster jahon tojini egallash imkoniyatiga ega bo‘ldi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston shaxmatda dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biriga aylandi. Mamlakatimiz so‘nggi uchta shaxmat Olimpiadasining ikkitasida, jumladan, joriy yilda ham oltin medalni qo‘lga kiritdi. Endi esa yana bir jahon chempionining yetishib chiqishi O‘zbekiston shaxmati uchun tarixiy natija bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Saidmurod Dilmurodov «The Indian Express» nashriga bergan intervyusida oshpazlarni Jenevaga taklif qilish sabablarini tushuntirdi.

«O‘zbekiston hukumati shaxmatni qo‘llab-quvvatlaydi. Ayniqsa, ushbu uchrashuv uchun sportga katta miqdorda mablag‘ ajratilgan. Ovqatlanish sportchining kayfiyatiga bevosita ta’sir qiladi. Shu sababli jamoamizning yaxshi sharoitda bo‘lishini ta’minlash va o‘zimizni uyimizdagidek his qilishimiz uchun Yevropada faoliyat yuritayotgan ikki nafar eng yaxshi o‘zbek oshpazini bu yerga taklif qildik.

Biz, o‘zbeklar, milliy taomlarimizni yaxshi ko‘ramiz. Biz uchun o‘zbek taomlaridan yaxshisi yo‘q», – dedi Dilmurodov.

Qizig‘i, Sindorov jahon chempionligi uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida taom tanlash borasida hech qanday cheklovi yo‘qligini aytgandi.

«Jamoamiz uchun har kuni ovqat tayyorlaydigan maxsus oshpazimiz bor. Hukumatimiz oshpazlarni olib keldi. Men har qanday millat taomlarini iste’mol qila olaman. Bu borada farqi yo‘q. Agar bir kuni yapon taomlarini tanovul qilishni istasam, bundan ham xursand bo‘laman. Men uchun bu unchalik muhim emas. Har qanday taomdan mamnunman», – degan edi Sindorov.

Gukesh jamoasi ham ovqatlanish masalasini hal qilgan

Sindorovning raqibi, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju jamoasi ham Jenevada uning ovqatlanishi uchun sharoit yaratgan. Unga shaharda istiqomat qiluvchi hind diasporasi vakillari uy taomlarini tayyorlab berishadi.

Jahon chempionligi uchrashuvlarida shaxsiy oshpaz xizmatidan foydalanish yangilik emas. Besh karra jahon chempioni Magnus Karlsen ham muhim musobaqalar vaqtida o‘z oshpazi Magnus Forssellni o‘zi bilan birga olib yurgan.

Javohir Sindorov Jenevaga katta delegatsiya bilan tashrif buyurgan. Uning jamoasida ikki nafar sekundant – Muxiddin Madaminov va Nikita Vitiugov ham bor. Shuningdek, delegatsiya tarkibida grossmeysterning bobosi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi vitse-prezidenti Komil Sindorov ham mavjud. U shaxmatga katta qiziqishi bilan tanilgan.

«Javohirning ayrim oila a’zolari va do‘stlari allaqachon Jenevaga yetib kelishgan, yana bir qismi keyinroq kelishi kutilmoqda. Ular Javohirni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlaydi. Biz ularning sportchiga yaqinligi uning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilishiga ishonamiz. O‘zbekiston undan katta natija kutmoqda. Umid qilamizki, u jahon chempionligi tojini qo‘lga kiritadi.

Bu yil biz uchun eng muhim voqea – Javohir va Gukesh o‘rtasidagi jahon chempionligi uchrashuvi. Yevropaning turli mamlakatlaridan ko‘plab o‘zbekistonliklar Javohirni qo‘llab-quvvatlash uchun kelishadi», – deya qo‘shimcha qildi Dilmurodov.

Musobaqaning mahalliy tashkilotchisi bo‘lgan Shveysariya shaxmat federatsiyasi vakilining ma’lum qilishicha, O‘zbekistondan qariyb 100 kishiga taklifnoma yuborilishiga ko‘maklashilgan. Bu esa mamlakatimizda shaxmatga bo‘lgan qiziqish naqadar yuqori ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda ham muxlislar uchun maxsus sharoit yaratilgan. Toshkentdagi Vebster universitetida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan muxlislar zonasi tashkil etilgan. U yerda shaxmat ishqibozlari Javohir Sindorov va Gukesh o‘rtasidagi partiyalarni o‘zbek tilidagi jonli sharhlar orqali birgalikda tomosha qilishlari mumkin.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting