Sobiq jahon chempioni Sindarovni jahon chempionligi uchun match favoriti deb atadi
Shaxmat bo‘yicha rapid va blits yo‘nalishlarida sobiq jahon chempioni, rossiyalik grossmeyster Sergey Karyakin Javohir Sindarov va hindistonlik Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi matchi oldidan o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda Sport-Express nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Karyakin o‘zbekistonlik grossmeysterning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi va motivatsiyasini yuqori baholagan. Rossiyalik shaxmatchining fikricha, Gukesh jahon chempionligini qo‘lga kiritganidan so‘ng o‘yin darajasida sezilarli pasayish kuzatilgan.
Karyakin Sindarovni match favoriti deb hisoblashiga qaramay, hamyurtimizni oson g‘alaba kutmayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, yakkama-yakka matchlarda avvalgi natijalar hal qiluvchi ahamiyatga ega emas va ikki grossmeyster o‘rtasidagi kurash barcha 14 ta partiya davomida kechishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Sergey Karyakin 2016-yilda jahon chempionligi uchun norvegiyalik Magnus Karlsenga qarshi matchda ishtirok etgan. O‘shanda rossiyalik grossmeyster tay-breykda imkoniyatni boy bergan edi.