“Bavariya” Harri Keynning o‘rniga 37 yoshli sobiq hujumchisini qaytarishi mumkin
Myunxenning “Bavariya” klubi jarohati sabab uzoq muddatga safdan chiqqan angliyalik hujumchi Harri Keynning o‘rnini to‘ldirish uchun kamerunlik Erik Maksim Shupo-Motingni jamoaga qaytarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Sky Sport jurnalistlari Florian Plettenberg va Luka Sikstus xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ayni paytda Germaniya klubi tarkibida Keynning o‘rnini egallay oladigan klassik markaziy hujumchi mavjud emas. Shu sababli klub rahbariyati qishki transfer oynasida tajribali futbolchini taklif etish variantini muhokama qilmoqda.
37 yoshli Shupo-Motingning “Nyu-York Red Bullz” bilan hamkorligi yil yakunida nihoyasiga yetadi. Kamerunlik hujumchining Myunxen klubi tizimini yaxshi bilishi uning asosiy ustunliklaridan biri hisoblanmoqda. Biroq rahbariyat hozircha yakuniy qarorga kelmagan.
Ma’lumot uchun, Erik Maksim Shupo-Moting 2020–2024-yillarda “Bavariya” sharafini himoya qilgan. Hujumchi Myunxen klubi safida 122 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, 38 ta gol va 13 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirgan.