locale OZ

Sergey Lebedevning vafoti munosabati bilan Proliga pley-off uchrashuvi qoldirildi

O‘zbekiston kubogining yarim final bellashuvlari Lebedevga hurmat yuzasidan bir daqiqalik sukut bilan boshlanadi.
Futbol
Sergey Lebedevning vafoti munosabati bilan Proliga pley-off uchrashuvi qoldirildi
Фото: UzPFL

Ertaga — 25-noyabr kuni Proliga pley-off uchrashuvi doirasida FarDU klubi Bekobodda Metallurg mehmoni bo‘lishi belgilangandi.

Bir necha daqiqa oldin afsonaviy futbolchi, milliy terma jamoa safidagi o‘yinlari orqali o‘zbekistonliklar qalbidan joy olgan Sergey Lebedev vafot etdi. Mutaxassis ayni vaqtda FarDU klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borayotgan bo‘lib, u Metallurg bilan o‘yinda ishtirok etish uchun Toshkentda o‘z shogirdlari bilan mashg‘ulot yig‘ini olib borayotgandi. Ammo kutilmaganda o‘zini nohush his qilgan mutaxassis zudlik bilan poytaxtdagi klinikalardan biriga yetkazilgan. Biroq uning hayotini saqlab qolish imkoniyati bo‘lmagan.

Liga mazkur holat yuzasidan o‘z qayg‘usini bildiradi hamda FarDU futbolchilarining ayni vaqtdagi ruhiy holatini juda yaxshi tushunadi. Sergey Elefertovichning kutilmagan erta vafoti uning shogirdlari va jamoaning boshqa rasmiylarini karaxt holatga solib qo‘ygani shubhasiz.

Shundan kelib chiqib, ertangi kunga rejalashtirilgan Metallurg — FarDU uchrashuvi qoldirildi. Liga mazkur holatni to‘g‘ri tushungan Metallurg futbol klubiga minnatdorchilik bildirdi hamda uchrashuvni tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tadbirlarni bekor qildi. Uchrashuvning aniq sanasi keyinroq ochiqlanadi.

O‘zbekiston Professional futbol ligasi mamlakatimiz futboli afsonasining millionlar o‘yini rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etadi hamda uning yaqinlariga sabr-toqat tilaydi. Mutaxassisni so‘nggi manzilga kuzatishda FarDU klubi a’zolari ham ishtirok etadi. Shuningdek, bir necha daqiqadan so‘ng start oladigan O‘zbekiston kubogining yarim final bellashuvlari Sergey Lebedevga hurmat yuzasidan bir daqiqalik sukut bilan boshlanadi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting