Gukesh shu kungacha Sindarovni klassik shaxmatda biror marta ham mag‘lub etmagan
Shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, hindistonlik grossmeyster Gukesh Dommaraju professional faoliyati davomida o‘zbekistonlik Javohir Sindarovni klassik shaxmatda biror marta ham mag‘lub etmagan. Bu haqda World Chess nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ikki grossmeyster jahon chempionligi matchiga qadar klassik shaxmatda uch bor o‘zaro to‘qnash kelgan. Ushbu partiyalarning ikkitasida Sindarov g‘alaba qozongan bo‘lsa, yana bir bahs durang bilan yakunlangan.
Hamyurtimiz 2018-yilda Moscow Open hamda 2022-yilda Sharjah Masters turnirlarida hindistonlik grossmeysterdan ustun kelgan. Ularning klassik shaxmatdagi so‘nggi to‘qnashuvi 2026-yilning yanvar oyida Tata Steel Chess turniri doirasida bo‘lib o‘tgan va durang bilan yakunlangan.
Ma’lumot uchun, Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi jahon chempionligi uchun match 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan grossmeyster jahon chempioniga aylanadi. Hisob 7:7 bo‘lgan taqdirda esa g‘olib tay-breykda aniqlanadi.