Formula-1 tarixida yangi rekord o'rnatildi
“Mercedes” jamoasining italiyalik piloti Kimi Antonelli Formula-1 tarixidagi eng yosh jahon chempioniga aylandi. 20 yoshli poygachi Meksika Gran-prisida uchinchi o‘rinni egallab, mavsum yakunlanishiga to‘rtta poyga qolganida chempionlikni muddatidan avval qo‘lga kiritdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Antonelli 20 yosh-u 68 kunligida chempionlikni qo‘lga kiritib, 16 yildan beri yangilanmay kelayotgan rekordni yangiladi. Italiyalik pilotga Meksikadagi poygani to‘qqizinchi o‘rinda yakunlashning o‘zi kifoya edi. Biroq u uchinchi bo‘lib marraga yetib keldi va umumiy hisobda eng yaqin ta’qibchisidan 119 ochkoga o‘zib ketdi.
Meksika Gran-prisida “Red Bull” vakili Maks Ferstappen g‘alaba qozondi, “Ferrari” piloti Lyuis Hamilton ikkinchi o‘rinni egalladi. Antonelli esa uchinchi pog‘onadan joy olib, faoliyatidagi ilk jahon chempionligini nishonladi. Yosh poygachi marraga yetib kelganidan so‘ng quvonch ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
Ma’lumot uchun, Formula-1 tarixidagi eng yosh jahon chempioni rekordi avval Sebastyan Fettelga tegishli edi. Nemis poygachisi 2010-yilda 23 yosh-u 134 kunligida chempion bo‘lgan. Antonelli esa Italiyaga 1953-yilda Alberto Askari erishgan muvaffaqiyatdan keyingi ilk Formula-1 jahon chempionligini taqdim etdi.