Dunyoning eng yaxshi darvozaboni mukofotini olgan Unai Simon derbida muxlislarni hayratda qoldirdi
Bilbaoning “Atletik” klubi darvozaboni Unai Simon Ispaniya chempionatida “Real Sosyedad”ga qarshi kechgan derbida ajoyib o‘yin namoyish etdi. Yaqindagina dunyoning eng yaxshi darvozaboniga topshiriladigan Lev Yashin sovrinini qo‘lga kiritgan ispaniyalik futbolchi jamoasining 2:1 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Simon uchrashuv davomida to‘rtta murakkab zarbani qaytargan. Ayniqsa, Karlos Solerning xavfli zarbasidan so‘ng amalga oshirgan seyvi stadiondagi muxlislarni hayratda qoldirgan. “San-Mames”ga yig‘ilgan 50 092 nafar tomoshabin o‘yin davom etayotganiga qaramay, darvozabonni uzoq vaqt tik turib olqishlagan.
Bilbao jamoasining gollariga Inyaki Uilyams va Aleks Berenger mualliflik qilgan. Ushbu g‘alaba orqali “Atletik” “Real Sosyedad”ning Bask derbilaridagi ketma-ket to‘rtta g‘alabadan iborat seriyasiga barham bergan. Uchrashuv klub va muxlislar uchun tarixiy ahamiyatga ham ega bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Unai Simon 14 yoshida “Atletik” akademiyasiga qo‘shilgan va faoliyatini shu klub bilan bog‘lagan. Mazkur derbi 1976-yilda ikki jamoa sardorlari Basklar mamlakati bayrog‘ini maydonga olib chiqqan tarixiy voqeaning 50 yilligiga ham to‘g‘ri kelgan.