YEKL. Behruz Karimov golli uzatma amalga oshirgan bahsda «Lugano» yirik hisobda g‘alaba qozondi
Konferensiyalar ligasining 3-turida Shveysariyaning «Lugano» klubi Litvaning «Kauno Jalgiris»iga qarshi o‘ynab, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
E’tiborlisi shundaki, ushbu bellashuvda o‘zbekistonlik futbolchi Behruz Karimov golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Mezbonlar 11-daqiqada Yanis Chiminyanining goli evaziga hisobni ochdi. Oradan 13 daqiqa o‘tib, Ezjon Alioski ustunlikni oshirdi.
32-daqiqada esa Behruz Karimovning uzatmasidan keyin Daniel dos Santos raqib darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Shu tariqa, Shveysariya klubi uchta uchrashuvda 9 ochko jamg‘arib, Konferensiyalar ligasi umumiy bosqichi turnir jadvalida birinchi o‘rinni egalladi.
Konferensiyalar ligasi. 3-tur
Lugano – Kauno Jalgiris – 3:0 (3:0)
Gollar: Chiminyani 11, Alioski 24, Daniel dos Santos 32.