Didye Desham “Manchester Yunayted”ni boshqarishga qiziqish bildirmayapti
“Manchester Yunayted” Fransiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Didye Desham bilan aloqa o‘rnatgan. Biroq 58 yoshli mutaxassis hozircha ingliz klubida faoliyatini davom ettirish niyatida emasligi aytilmoqda. Bu haqda Foot Mercato nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Manchester Yunayted” rahbariyati Deshamning kelgusi rejalari bilan qiziqib, uning jamoani boshqarish imkoniyatini o‘rganmoqda. Klub amaldagi bosh murabbiy Maykl Kerrikning kelajagi noaniq bo‘lib turgan bir paytda, ushbu lavozim uchun muqobil nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda.
Biroq fransiyalik mutaxassis hozircha murabbiylik faoliyatiga qaytishga shoshilmayapti. Deshamga Italiyaning “Yuventus” klubi ham qiziqish bildirayotgani aytilmoqda. Shunga qaramay, har ikki jamoaning taklifi ham hozircha uning rejalariga mos kelmayapti. Tomonlar o‘rtasida rasmiy kelishuvga erishilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Ma’lumot uchun, Didye Desham 2012–2026-yillar davomida Fransiya milliy terma jamoasini boshqargan. Uning qo‘l ostida fransuzlar 2018-yilgi jahon chempionatida g‘olib chiqqan, 2022-yilgi mundialda esa finalga qadar yetib borgan. Shuningdek, mutaxassis 2021-yilda Fransiya bilan UEFA Millatlar ligasi sovrinini qo‘lga kiritgan.