Valeriy Karpin Eldor Shomurodovning hozirgi o‘yinlariga baho berdi
Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Eldor Shomurodovning hozirgi sport formasi haqida fikr bildirdi. Mutaxassis hujumchining so‘nggi yillardagi o‘sishini e’tirof etdi. Bu haqda Rossiya terma jamoasining Toshkentdagi o‘yinoldi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Manbaga ko‘ra, Karpin Shomurodovning imkoniyatlarini yaxshi bilishini, ammo uning hozirgi darajasiga aniq baho berish uchun futbolchi bilan birgalikda mashg‘ulot o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan. Murabbiy hujumchi o‘z salohiyatini hali ”Rostov”da o‘ynagan davridayoq ko‘rsata boshlaganini eslatgan.
Shuningdek, rossiyalik mutaxassis Shomurodovning Italiya futbolidagi tajribasi uning rivojlanishiga yordam berganini qayd etgan. Karpin hujumchi hozir erishgan saviyasini saqlab qolishi muhim ekanini bildirgan. Murabbiy O‘zbekiston terma jamoasi ham 2022-yilgi o‘zaro uchrashuvdan buyon sezilarli kuchayganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov 2017-yildan 2020-yilgacha Rossiyaning ”Rostov” klubida to‘p surgan. Ushbu davrda jamoani Valeriy Karpin boshqargan. Keyinchalik o‘zbekistonlik futbolchi Italiyada ”Jenoa”, ”Roma”, ”Spetsiya” va ”Kalyari” klublarida faoliyat yuritgan.