Turkiyada g‘alaba qozongan bokschiga muxlislar hujum qildi
Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan professional boks oqshomi katta mojaro bilan yakunlandi. Fransiya sharafini himoya qilayotgan Murad Aliyev mahalliy bokschi Umut Chamqiron ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng, tomoshabinlar hujumiga uchradi. Voqea aks etgan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Aliyev va Chamqiron WBC Silver kamari uchun 12 raund davomida bellashgan. Hakamlar qarori bilan fransiyalik bokschi g‘olib deb topilgan. Biroq jangdan keyin Aliyevning tribunadagilarga qarata qilgan qo‘pol ishorasi vaziyatni keskinlashtirgan.
Avvaliga sportchilar o‘rtasida tortishuv boshlangan, keyinchalik esa bir guruh muxlis ringga bostirib kirgan. Ular Aliyevga musht tushirgan, ayrimlari esa stul va boshqa buyumlar bilan hujum qilgan. Xavfsizlik xodimlari bokschini ringdan olib chiqishga harakat qilgan bo‘lsa-da, tartibsizlik bir muddat davom etgan.
Ma’lumot uchun, Murad Aliyev asli rossiyalik bo‘lib, xalqaro musobaqalarda Fransiya sharafini himoya qiladi. U Tokio Olimpiadasida ham qatnashgan. Istanbuldagi hodisadan keyin bokschi o‘z ishorasi bilan raqibi tomonidan beldan pastga berilgan zarbalarga e’tibor qaratmoqchi bo‘lganini bildirgan.