Qozog‘istonda kelishilgan o‘yin haqida xabar bermagan murabbiy diskvalifikatsiya qilindi
Qozog‘istonning “Aris” futbol klubi bosh murabbiyi Galimjan Yesenbayev 2027-yilning 1-avgustigacha diskvalifikatsiya qilindi. Mutaxassis uchrashuv natijasiga noqonuniy ta’sir o‘tkazishga urinish haqida xabardor bo‘lsa-da, bu ma’lumotni tegishli tashkilotlarga yetkazmagan. Bu haqda Qozog‘iston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, federatsiyaning Nazorat-intizom va etika qo‘mitasi 3-noyabr kuni mazkur holatni ko‘rib chiqqan. Tekshiruv natijasida Yesenbayev o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatishga urinish haqida bilgan, ammo bu haqda federatsiyani ogohlantirmagani aniqlangan. Shu sababli murabbiyga 2027-yilning 1-avgustigacha federatsiya tasarrufidagi barcha musobaqalarda faoliyat yuritish taqiqlandi.
Mazkur holat yuzasidan “Aris” klubi ham jazoga tortildi. Jamoa federatsiya talablariga rioya qilmagani uchun 50 MRP miqdorida jarimaga tortilgan. Klub direktori Arman Pirmanov esa rasmiy ogohlantirish oldi. Rahbariyat chiqarilgan qarorga qo‘shilmasligini bildirib, uning ustidan apellyatsiya berishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, “Aris” Qozog‘iston Birinchi ligasida ishtirok etadi. Jamoa 2026-yilgi mavsumni 33 ochko bilan yettinchi o‘rinda yakunlagan. Klub rahbariyati kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganini rad etmoqda. Federatsiya qarorida ham Yesenbayevning kelishilgan o‘yinni tashkil qilgani emas, balki bunday urinish haqida xabar bermagani uchun jazolangani ta’kidlangan.