Dunyoning eng yaxshi himoyachilari aniqlandi: Abduqodir Husanov...
Xalqaro professional futbolchilar assotsiatsiyasi (FIFPRO) 2026-yilning eng yaxshi himoyachilari reytingini e’lon qildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Fransiyaning “PSJ” klubi vakili Ashraf Hakimi dunyoning eng yaxshi himoyachisi deb topildi. “Manchester Siti” safida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik Abduqodir Husanov esa kuchli o‘ntalikka kira olmadi. Bu haqda FIFPRO nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, marokashlik Ashraf Hakimi 40,9 foiz ovoz bilan reytingda yetakchilik qilgan. “Barselona”ning 19 yoshli himoyachisi Pau Kubarsi 26,8 foiz natija bilan ikkinchi, “PSJ”ning yana bir futbolchisi Nunu Mendesh esa 25,5 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinni egallagan. Ushbu uch nafar futbolchi FIFPROning 2026-yilgi ramziy terma jamoasidan ham joy olgan.
Keyingi o‘rinlarni Gabriel Magalyans, Vilyam Saliba, Mark Kukurelya, Virjil van Deyk, Dayo Upamekano, Kristian Romero va Vilyan Pacho egallagan. O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov esa e’lon qilingan dastlabki o‘nta futbolchi orasida yo‘q. Uning umumiy reytingdagi aniq o‘rni ma’lum qilinmagan.
Ma’lumot uchun, ovoz berishda dunyoning 73 mamlakatidan 19 806 nafar professional futbolchi ishtirok etgan. Nomzodlarning 2025-yil 4-avgustidan 2026-yil 19-iyuligacha bo‘lgan davrdagi o‘yinlari inobatga olingan. Har bir ishtirokchi o‘zi munosib deb bilgan uch nafar himoyachiga ovoz bergan.