«Rasing» 14 yillik tanaffusdan soʻng La Ligaga qaytdi
Ispaniyaning «Rasing» klubi quyi divizionlardagi 14 yillik sarguzashtlariga chek qoʻyib, mamlakat oliy divizioni — La Ligaga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Santanderliklar Ispaniya Segundasining 40-turi doirasida oʻz maydonlarida «Valyadolid» ustidan yirik (4:1) hisobda gʻalaba qozonib, ushbu muvaffaqiyatni rasmiylashtirishdi.
«Kampos de Sport de El-Sardinero» stadionida kechgan uchrashuvda mezbonlar safida hujumchi Aser Vilyalibre (33-daqiqa) va yarim himoyachi Suleyman Kamara (90+5-daqiqa) bittadan gol urgan boʻlsa, yana bir yarim himoyachi Andres Martin (62 va 73-daqiqalar) dubl qayd etdi. Mehmonlarning yagona javob goliga 42-daqiqada himoyachi Muhammad Jauab mualliflik qildi.
Ushbu gʻalabadan soʻng «Rasing» ochkolari sonini 78 taga yetkazib, turnir jadvalida peshqadamlikni davom ettirmoqda. Jamoa eng yaqin taʼqibchilari «Deportivo» va «Almeriya»ni 7 ochkoga ortda qoldirmoqda (Garchi «Deportivo»da bitta zaxira oʻyini mavjud boʻlsa-da).
Mavsum tugashiga atigi ikki tur qolganini hisobga olsak, «Rasing» endi turnir jadvalida kuchli ikkilikdan pastga tushib ketmaydi va kelasi mavsumni elita jamoalari safida boshlaydi.