Belbog‘li kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida (U18) O‘zbekiston kubogi g‘oliblari aniqlandi
Joriy yilning 26–29 oktyabr kunlari Nukus shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida (U18) O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan yosh polvonlar g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Musobaqaning dastlabki ikki kunida o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning klassik va erkin yo‘nalishlarida kuch sinashgan bo‘lsa, so‘nggi kuni qizlar o‘rtasida erkin yo‘nalishdagi bellashuvlar o‘tkazildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida mezbon — Qoraqalpog‘iston Respublikasi terma jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Namangan viloyati terma jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, Navoiy viloyati jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bellashuvlar yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.