«Neftchi»ning navbatdagi raqibi: Ronaldu yetakchiligidagi «An-Nasr» haqida nimalarni bilish kerak?
12-oktyabr kuni Farg‘onaning «Neftchi» klubi OFK Elit Chempionlar ligasi 2026/27-yilgi mavsumining 2-turida Saudiya Arabistonining «An-Nasr» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Farg‘onaliklar qit’a musobaqasini muvaffaqiyatli boshladi. Jamoa dastlabki turda Iroqning «Al-Quva Al-Javiya» klubini Zoran Marushichning 83-daqiqada urgan yagona goli evaziga 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Endi «Neftchi»ni safarda tarkibi yulduz futbolchilar bilan to‘ldirilgan va Osiyoning eng kuchli klublaridan biri sanaladigan «An-Nasr»ga qarshi jiddiy sinov kutmoqda.
«An-Nasr» Saudiya Arabistoni futbolining eng mashhur va sovrindor klublaridan biri hisoblanadi. Ar-Riyod jamoasiga 1955-yil 24 -oktyabr kuni asos solingan.
Klub muxlislar orasida «Al-Alami» — «Jahon klubi» hamda «Foris Najd» — «Najd ritsarlari» nomlari bilan tanilgan.
Jamoaning an’anaviy ranglari sariq va ko‘k. Sariq rang Saudiya Arabistoni cho‘llarini, ko‘k esa Arabiston yarimorolini o‘rab turgan dengizlarni ifodalaydi.
Ar-Riyodliklar uy uchrashuvlarini Qirol Saud universiteti hududida joylashgan «Al-Avval Park» stadionida o‘tkazadi.
25 ming tomoshabinga mo‘ljallangan arena zamonaviy infratuzilmasi va «An-Nasr» muxlislarining faol qo‘llab-quvvatlashi bilan ajralib turadi.
Aynan shu stadion 12-oktyabr kuni «Neftchi»ni qabul qiladi.
«An-Nasr» mamlakat chempionatida 11 marta bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, klub Qirol kubogi, Valiahd shahzoda kubogi va Saudiya Arabistoni Superkubogida ham bir necha bor g‘olib chiqqan.
Jamoa uzoq yillardan buyon «Al-Hilol» va «Al-Ittihod» bilan Saudiya Arabistoni futbolidagi yetakchilik uchun raqobat qilib kelmoqda.
2025/26-yilgi mavsum «An-Nasr» uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Klub yetti yillik tanaffusdan so‘ng yana mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.
Ar-Riyodliklar 34 uchrashuvda 28 ta g‘alaba, 2 ta durang va 4 ta mag‘lubiyat qayd etib, 86 ochko jamg‘ardi. «Al-Hilol»dan ikki ochko ko‘p to‘plagan «An-Nasr» 91 ta gol bilan mavsumning eng sermahsul jamoasi ham bo‘ldi.
«An-Nasr»ning xalqaro maydondagi eng muhim muvaffaqiyatlari 1998-yilga to‘g‘ri keladi.
Jamoa o‘sha yili Osiyo kubok egalari kubogi finalida Janubiy Koreyaning «Suvon Samsung Blyuvings» klubini 1:0 hisobida mag‘lub etib, qit’a sovrinini qo‘lga kiritgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, «An-Nasr» Osiyo Superkubogida ham zafar quchdi va bir yil ichida qit’a miqyosidagi ikkita nufuzli sovringa ega chiqdi.
Ushbu natijalar klubga 2000-yilda Braziliyada tashkil etilgan klublar o‘rtasidagi ilk Jahon chempionatida ishtirok etish imkonini berdi.
«An-Nasr» guruh bosqichida «Real Madrid», «Korintians» va «Raja Kasablanka» bilan bellashdi. Saudiya Arabistoni vakili Marokash klubini 4:3 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, keyingi bosqichga chiqa olmadi.
«An-Nasr» bosh murabbiyi — avstraliyalik mutaxassis Ange Postekoglu.
61 yoshli murabbiy 2026-yilning iyul oyida Ar-Riyod klubi boshqaruvini qabul qilib oldi va 2028-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.
Postekoglu faoliyati davomida Avstraliya milliy terma jamoasi, Yaponiyaning «Yokogama F. Marinos», Shotlandiyaning «Seltik», Angliyaning «Tottenhem» va «Nottingem Forest» jamoalarida ishlagan.
Mutaxassis Avstraliya terma jamoasi bilan 2015-yilgi Osiyo kubogida g‘olib chiqqan. Shuningdek, «Tottenhem» bilan 2024/25-yilgi UEFA Yevropa ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.
«An-Nasr» tarkibi nafaqat Saudiya Arabistoni, balki butun Osiyo miqyosida eng kuchlilardan biri sanaladi.
Jamoaning asosiy yulduzi — besh karra «Oltin to‘p» sohibi Krishtianu Ronaldu. Portugaliyalik hujumchi 2023-yil yanvaridan buyon «An-Nasr» sharafini himoya qilib kelmoqda.
41 yoshli futbolchi 2025/26-yilgi Saudiya Arabistoni chempionatida 28 ta gol urib, jamoaning chempionlikka erishishida muhim rol o‘ynadi.
«An-Nasr»ning hujum chizig‘ida Ronaldu bilan bir qatorda bir qator taniqli futbolchilar ham to‘p tepmoqda.
Senegallik Sadio Mane, fransiyalik Kingsli Koman va portugaliyalik Joau Feliks Ar-Riyod klubining hujumdagi asosiy qurollari hisoblanadi.
Shuningdek, braziliyalik darvozabon Bento, fransiyalik himoyachi Muhammad Simakan va ispaniyalik Inigo Martines ham «An-Nasr» tarkibidan joy olgan.
Bu futbolchilarning aksariyati Yevropaning kuchli chempionatlari va nufuzli klublarida katta tajriba to‘plagan.
«An-Nasr» faqat xorijlik yulduzlarga tayanmaydi. Klub tarkibida Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasining bir qator futbolchilari ham bor.
Darvozabon Navof Al-Aqidiy, himoyachi Abduliloh Al-Amriy, yarim himoyachilar Abdulloh Al-Xaybariy va Ayman Yahyo, shuningdek, hujumchi Abdulloh Al-Hamdon mamlakat milliy terma jamoasi safida ham faoliyat olib bormoqda.
Ularning barchasi 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan Saudiya Arabistoni terma jamoasining yakuniy tayyorgarlik yig‘iniga jalb qilingan futbolchilar qatoridan joy olgan.
Shu tariqa, Elit Osiyo Chempionlar ligasidagi ilk uchrashuvini g‘alaba bilan boshlagan «Neftchi» ikkinchi turda tarkibi yulduz futbolchilar bilan to‘ldirilgan, amaldagi Saudiya Arabistoni chempioniga qarshi maydonga tushadi.
«An-Nasr» — «Neftchi» uchrashuvi 12-oktyabr kuni Ar-Riyoddagi «Al-Avval Park» stadionida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da boshlanadi.