Emiliano Karas: «Al Ittihod»ga qarshi bahs safimizdagi yosh futbolchilar uchun bu jiddiy sinovga aylanadi»
Elit OCHL 5-turidan o‘rin olgan «Al Ittihod» - «Paxtakor» bellashuvi oldidan mehmonlar murabbiyi Emiliano Karas va Ibrohim Ibrohimovlar matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— «Jiddaga qaytishdan xursandmiz. Raqibimiz juda kuchli jamoa. Tarkibida individual tarafdan mahoratli futbolchilar jamlangan. Jamoaviy o‘yini ham shakllangan. Hujumkor futbol ko‘rsatishga intiladigan, oldinga borishni yoqtiradigan jamoa.
Tarkibimizda bir necha yo‘qotishlar bor. Shunga qaramay, jamoaviy jipslashgan holda bor kuchimiz bilan qarshilik ko‘rsatishga urinamiz. Safimizdagi yosh futbolchilar uchun bu jiddiy sinovga aylanadi. Ular nimalar ustidan ishlash kerakligini bilib olishadi. Ularga bo‘sh hudud qoldirmaslikka harakat qilamiz.
Ibrohimov: «Ittihod»ning kuchli jamoa ekanini bilamiz. Ularni jiddiy o‘rgandik, yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Bir necha futbolchi bu yerga kela olmadi. Ularning o‘rnini bilintirmaslikka intilamiz. Maydonga chiqib eng yaxshi jihatlarimizni ko‘rsatishga urinamiz. Toshkentga g‘alaba bilan qaytishni niyat qilganmiz. Stadionga ko‘p muxlislar kelishi bosim bermaydi. Maydonga chiqqanimizdan so‘ng e’tiborimiz o‘yinning o‘ziga qaratiladi», - deya Ibrohimovning so‘zlaridan keltiradi «Paxtakor» matbuot xizmati.