“Manchester Yunayted”ga “Arsenal”ning sobiq hujumchisi taklif qilindi
Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi qishki transferlar oynasida hujum chizig‘ini kuchaytirishi mumkin. Manchesterliklarga Fransiyaning “Monako” klubida to‘p surayotgan, Londonning “Arsenal” jamoasi sobiq hujumchisi Folarin Balogunni sotib olish imkoniyati taklif etildi. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 25 yoshli amerikalik futbolchining agenti Jorje Mendesh mijoziga yangi klub izlamoqda. Balogun joriy mavsumda “Monako”ning asosiy tarkibidan joy ololmayapti. “Manchester Yunayted” esa Benjamin Sheshkoning jiddiy jarohati sabab hujum chizig‘ini kuchaytirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.
“Monako” Balogunni yanvar oyidagi transferlar oynasida qo‘yib yuborishga tayyor. Hujumchiga “Everton”, “Nyukasl”, “Lids”, “Nottingem Forest” va Turinning “Yuventus” klublari ham qiziqish bildirmoqda. Hozircha “Manchester Yunayted” tomonidan rasmiy taklif yuborilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Ma’lumot uchun, Balogun o‘tgan mavsum Fransiya chempionatidagi 26 ta asosiy tarkibda boshlagan uchrashuvida 13 ta gol urgan. Shuningdek, u 2026-yilgi jahon chempionatida AQSH terma jamoasi safida uchta gol muallifiga aylangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 50 million yevroga baholamoqda.