Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
Portugaliya futboli tarixidagi eng yorqin sahifalardan biri yakuniga yetdi. Afsonaviy hujumchi Krishtianu Ronaldu 41 yoshida milliy terma jamoadagi faoliyatini tugatganini rasman e’lon qildi. Futbolchi bu qarorini Instagram sahifasida e’lon qilgan videomurojaati orqali ma’lum qildi. Bu haqda Portugaliyaning Diário de Notícias nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Ronaldu muxlislarga yo‘llagan xayrlashuv murojaatida “Portugaliya hamisha qalbimda qoladi”, deya ta’kidlagan. Shu tariqa, uning 23 yildan ortiq davom etgan terma jamoadagi faoliyati o‘z nihoyasiga yetdi. Portugaliyalik yulduz milliy jamoa safida ko‘plab tarixiy natijalarga erishib, mamlakat futbolining asosiy timsollaridan biriga aylangandi.
Ronalduning bu qarori so‘nggi haftalarda terma jamoa atrofida yuzaga kelgan kelishmovchiliklardan keyin e’lon qilindi. Sentabr oyida bosh murabbiy Jorje Jezush bilan ziddiyatga borgan futbolchi milliy jamoa qarorgohini tark etgan va keyinchalik 30 kunga chetlatilgan edi. Oktabr oyida Ronaldu terma jamoaga qaytishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, endilikda xalqaro faoliyatini yakunlashga qaror qildi.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 2003-yilda Portugaliya terma jamoasida debyut qilgan. U milliy jamoa safida 234 ta uchrashuv o‘tkazib, 146 ta gol urgan va har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan. Shuningdek, Ronaldu Portugaliya bilan 2016-yilgi Yevropa chempionati hamda 2019 va 2025-yillardagi UEFA Millatlar ligasi g‘olibiga aylangan.