Krishtianu Ronaldu: “Bu qarorga kelish oson bo‘lmadi”
Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashga qaror qilgan Krishtianu Ronaldu muxlislarga xayrlashuv murojaati yo‘lladi. 41 yoshli hujumchi Instagram sahifasida e’lon qilgan videoda ushbu qarorning sabablari, milliy jamoada o‘tkazgan yillari va faoliyati davomida boshidan kechirgan voqealar haqida gapirdi. Bu haqda Braziliyaning UOL nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Ronaldu terma jamoa bilan xayrlashish o‘zi uchun oson bo‘lmaganini ta’kidlagan. “Bu qarorga kelish oson bo‘lmadi. Chunki ayrim qarorlar nafaqat aql, balki qalb bilan ham qabul qilinadi”, — degan portugaliyalik futbolchi. U 2003-yilda boshlangan xalqaro faoliyati hayotini butunlay o‘zgartirganini ham qayd etgan.
Ronaldu murojaati davomida terma jamoa safidagi g‘alabalari, mag‘lubiyatlari va erishgan yutuqlarini yodga olgan. “Portugaliya uchun bor kuchimni berdim”, — degan hujumchi faoliyati davomida xatolarga yo‘l qo‘ygani, qiyinchiliklarga duch kelgani, ammo hech qachon taslim bo‘lmaganini ta’kidlagan. Shuningdek, u jamoadoshlari, murabbiylari, yaqinlari va muxlislarga minnatdorlik bildirib, bundan keyin ham Portugaliya terma jamoasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 2003-yilda Portugaliya terma jamoasida debyut qilgan. U milliy jamoa safida 234 ta uchrashuv o‘tkazib, 146 ta gol urgan va har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan. Shuningdek, Portugaliya bilan 2016-yilgi Yevropa chempionati hamda 2019 va 2025-yillardagi UEFA Millatlar ligasi g‘olibiga aylangan.