Uch xil vaqt nazorati, 24 nafar ishtirokchi va 650 ming dollar — Total Chess ertaga boshlanadi
Uch xil vaqt nazorati, 24 nafar ishtirokchi va 650 ming dollar — Total Chess ertaga boshlanadi.
10-noyabr kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda yangi formatdagi Total Chess World Championship Tour sinov turniri start oladi.
Bu oddiy shahmat musobaqasi emas. Unda ishtirokchilar uch xil vaqt nazoratida o‘zaro bell ashadi:
Fast Classic — 45 daqiqa + har yurishga 30 soniya
Rapid — 15 daqiqa + 10 soniya
Blis — 3 daqiqa + 2 soniya
Musobaqada dunyoning 24 nafar kuchli shahmatchisi ishtirak etadi. Ular orasida Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Alireza Firuja, Arjun Erigaisi, Praggnanandhaa, Anish Giri va o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov ham bor!
Turnirning ilk kuni 9 turdan iborat blis musobaqasi o‘tkaziladi. 11–15-noyabr kunlari esa shahmatchilar 4 ta guruhga bo‘linib, Fast Classic formatida kurashadi.
Guruh bosqichida g‘alaba uchun 3 ochko, durang uchun esa 1 ochko beriladi.
17-noyabrdan pley-off bahslari boshlanadi. Unda shahmatchilar bir-biriga qarshi blis, rapid va Fast Classic formatlarida o‘ynaydi. Musobaqa 20-noyabr kuni yakunlanadi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi — 650 000 AQSH dollari. Turnir g‘olibi 80 000 dollarni qo‘lga kiritadi.
Birinchi kun blis bahslari 10-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.
2027-yilda rasman yo‘lga qo‘yiladigan Total Chess jahon chempionati turining ilk sinovi aynan Budapeshtda bo‘lib o‘tadi.