Sindarorning protsessual xatosi sabab Gukeshga qo‘shimcha vaqt berildi
Shveysariyaning Jeneva shahrida shaxmat bo‘yicha jahon toji uchun kechgan ilk partiyaning yakuniy qismida hakamlar aralashuviga sabab bo‘lgan qiziqarli vaziyat yuz berdi. Bu haqda Chess.com nashri xabar berdi.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov doskadagi pozitsiya bir necha bor takrorlanganidan so‘ng hakamga murojaat qilib, durang qayd etilishini so‘radi. Biroq hamyurtimiz mazkur talabni navbatdagi yurishini amalga oshirib bo‘lganidan keyin bildirdi.
Xalqaro shaxmat qoidalariga ko‘ra, agar shaxmatchining navbatdagi yurishi pozitsiyaning uchinchi marta takrorlanishiga olib kelsa, u yurishni amalga oshirishdan avval hakamga murojaat qilishi kerak. Sindarov ushbu tartibga rioya qilmagani sababli hakam Gukeshning hisobiga qo‘shimcha ikki daqiqa vaqt qo‘shdi va bahsni davom ettirishga ruxsat berdi.
Mazkur holat partiyaning yakuniy natijasiga ta’sir ko‘rsatmadi. Bir necha yurishdan keyin pozitsiya yana takrorlandi va grossmeysterlar durangga kelishdi.
Jahon chempionligi uchun kechayotgan bahs jami 14 ta klassik partiyadan iborat. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko jamg‘argan grossmeyster jahon chempioniga aylanadi. Asosiy bahslar 7:7 hisobida yakunlangan taqdirda esa g‘olib tay-breyk orqali aniqlanadi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 million AQSH dollarini tashkil etadi.