Sergey Lebedevning vafoti sabab qoldirilgan uchrashuvning yangi sanasi ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi "Metallurg" va "FarDU" klublari o‘rtasidagi Proliga pley-off uchrashuvini boshqa muddatga ko‘chirishga qaror qildi. Bunga O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi, "FarDU" klubi bosh murabbiyi Sergey Lebedevning bevaqt vafoti sabab bo‘ldi.
PFL ma’lumotiga ko‘ra, mutaxassis Bekobod klubiga qarshi uchrashuv oldidan shogirdlari bilan Toshkentda mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazayotgan edi. Lebedev kutilmaganda o‘zini yomon his qilgan va zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olishmagan.
Professional futbol ligasi farg‘onalik futbolchilar va murabbiylar shtabining ruhiy holatini inobatga olib, dastlab 25-noyabr kuniga rejalashtirilgan uchrashuvni qoldirdi. Keyinchalik tomonlar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijasida bahsni 28-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:00 da tashkil etish belgilandi.
Sergey Lebedev o‘zbek futbolining yaqin o‘tmishdagi yorqin namoyandalaridan biri edi. U 1994-yilda Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi marhumning mamlakat futboli rivojiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etib, uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.