Javohir Sindarov Gukeshning uzoq o‘ylashi haqida fikr bildirdi
Shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib borayotgan o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuning ilk partiyada ayrim yurishlar uchun uzoq vaqt sarflagani haqida gapirdi. Hamyurtimizning matbuot anjumanidagi bayonotlarini ChessBase India nashri e’lon qildi.
Sindarovning ta’kidlashicha, hindistonlik grossmeyster 17-yurishini amalga oshirish uchun qariyb 40 daqiqa vaqt sarflagan paytda u ham doskada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlarni tahlil qilgan. O‘zbekistonlik shaxmatchi raqibining yurishini kutish bilan cheklanib qolmagan, balki navbatdagi hujum rejalarini ishlab chiqishga harakat qilgan.
Hamyurtimiz partiya yakunlanganidan keyin o‘zining ayrim qarorlarini qayta ko‘rib chiqqanini ham ma’lum qildi. Uning fikricha, o‘yinning muhim pallalaridan birida tanlagan yurishi o‘rniga boshqa variantdan foydalanish raqibga yanada ko‘proq muammo tug‘dirishi mumkin edi.
Sindarov vaqt bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lgan vaziyatlarda Gukeshga bosimni kuchaytirishga intilgan. Shu bilan birga, hindistonlik grossmeyster murakkab holatlarda yaxshi himoyalanganini ham e’tirof etdi.
Ilk partiya davomida Sindarorning dam olish xonasida ko‘zlarini yumib o‘tirgan lavhalari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Biroq bu lavhalar uning haqiqatan uxlab qolganini tasdiqlamaydi.