Yan Oblak “Atletiko” tarixidagi afsonaviy rekordni yangilashga yaqinlashdi
Madridning “Atletiko” klubi darvozaboni Yan Oblak jamoa tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilardan biri bo‘lish arafasida turibdi. Sloveniyalik posbon klub afsonasi Adelardoning natijasini yangilashga yaqinlashgan. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Oblak “Atletiko” safida barcha musobaqalarni hisobga olganda 551 ta uchrashuvda maydonga tushgan. U Adelardoning 553 ta o‘yinlik ko‘rsatkichini takrorlashiga atigi ikki uchrashuv qoldi. Agar darvozabon keyingi bahslarda ham asosiy tarkibda harakat qilsa, ushbu natijani takrorlab, keyinchalik undan o‘tib ketishi mumkin.
Oblakning joriy mavsumdagi o‘yini ham yuqori baholanmoqda. “Atletiko” Ispaniya chempionatida hozirgacha sakkizta gol o‘tkazib yuborgan va himoyadagi eng yaxshi jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Sloveniyalik darvozabon faoliyati davomida oltita Zamora sovrinini qo‘lga kiritgan bo‘lib, hozirda yettinchi mukofoti uchun kurashmoqda.
Ma’lumot uchun, Yan Oblak 2014-yilda Portugaliyaning “Benfika” klubidan “Atletiko”ga 16 million yevro evaziga o‘tgan. Uning Madrid klubi bilan shartnomasi 2028-yilgacha amal qiladi. Hozirda “Atletiko” tarixida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan futbolchi Koke bo‘lib, uning hisobida 749 ta o‘yin mavjud.