“Espanyol” Ispaniya kubogidagi sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng bosh murabbiyini iste’foga chiqardi
Ispaniyaning “Espanyol” klubi bosh murabbiy Manolo Gonsales bilan hamkorlikni yakunlaganini rasman e’lon qildi. Qaror jamoaning Ispaniya kubogida quyi divizion vakiliga mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etishidan so‘ng qabul qilindi. Bu haqda “Espanyol” klubi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Espanyol” Ispaniya kubogining dastlabki bosqichida to‘rtinchi divizion vakili “Sestao River”ga qo‘shimcha bo‘limlardan keyin 3:4 hisobida yutqazgan. Uchrashuvning 121-daqiqasida Jon Roxo tomonidan kiritilgan gol mezbonlarga keyingi bosqich yo‘llanmasini taqdim etgan.
Mag‘lubiyatdan bir necha soat o‘tib, klub rahbariyati murabbiy bilan xayrlashishga qaror qilgan. “Espanyol” rasmiy bayonotida Gonsalesga mehnati va professionalligi uchun minnatdorlik bildirgan. Jamoaning La Ligadagi muvaffaqiyatsiz natijalari ham ushbu qarorga ta’sir ko‘rsatgan.
Ma’lumot uchun, Manolo Gonsales “Espanyol” bosh murabbiyi sifatida 107 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazgan. Uning qo‘l ostida klub yuqori divizionga qaytgan va ikki mavsum davomida La Ligadagi o‘rnini saqlab qolgan. Murabbiyning iste’fosi 27-oktabr kuni kechqurun e’lon qilingan.