Kristian Romero jahon chempionati finalida og‘riq qoldiruvchi dorilar yordamida o‘ynaganini tan oldi
Argentina terma jamoasi va Madridning “Atletiko” klubi himoyachisi Kristian Romero 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati finaliga jarohat bilan chiqqanini ma’lum qildi. Futbolchi uchrashuvda ishtirok etish uchun og‘riq qoldiruvchi dorilar qabul qilganini aytgan. Bu haqda All About Argentina sahifasi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Romero final oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ham jismoniy muammolarga duch kelgan. Uning ta’kidlashicha, futbolchi maydonga tushishdan avval og‘riq qoldiruvchi tabletkalar va inyeksiyalardan foydalangan. Biroq bu ham uchrashuvni to‘liq kuch bilan o‘tkazishiga yordam bermagan.
Argentinalik himoyachi ikkinchi bo‘limda jismoniy holati yanada og‘irlashganini bildirgan. Romero Angliyaga qarshi uchrashuvdan keyin Axill payi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganini ham ta’kidlagan. Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa a’zolari musobaqa davomida turli jarohatlar bilan kurashgan.
Ma’lumot uchun, Argentina terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionati finalida Ispaniyaga qo‘shimcha bo‘limlardan keyin 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Romero esa finalga qadar jamoaning asosiy himoyachilaridan biri sifatida maydonga tushgan.