Futbolda ofsayd qoidasini o‘zgartirish bo‘yicha Vengerning taklifi qo‘llab-quvvatlanmadi
FIFAning futbolni rivojlantirish bo‘yicha rahbari Arsen Venger tomonidan ilgari surilgan ofsayd qoidasini o‘zgartirish taklifi kutilgan natijani bermadi. Yangi tartib Kanada chempionatida sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, mutaxassislarning dastlabki baholashida yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmadi. Bu haqda BBC Sport nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Vengerning taklifida hujumchining tanasidagi gol urish mumkin bo‘lgan biror qismi himoyachi bilan bir chiziqda turgan bo‘lsa, ofsayd qayd etilmasligi nazarda tutilgan. Ushbu tizim Kanada Premyer-ligasining 2026-yilgi mavsumida sinovdan o‘tkazildi. Natijada 112 ta uchrashuvda ofsayd holatlari soni 54 foizga kamaygan va qo‘shimcha 13 ta gol qayd etilgan.
Biroq yangi qoida futbolchilarning maydondagi joylashuviga ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, himoya chiziqlari o‘rtacha uch metr orqaroqqa siljigan. Bu esa ayrim vaziyatlarda himoyachi jamoalarga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirgan. Shu sababli IFABning maslahat kengashlari tajribani kengaytirishga yetarlicha qiziqish bildirmagan. Hozircha qoida yuzasidan yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Arsen Venger ofsayd qoidasini o‘zgartirish g‘oyasini dastlab 2020-yilda ilgari surgan edi. Uning asosiy maqsadi hujumkor futbolni rag‘batlantirish va bahsli ofsayd qarorlarini kamaytirishdan iborat. Futbol qoidalariga o‘zgartirish kiritish vakolati IFAB tashkilotiga tegishli bo‘lib, yangi takliflar 2027/28-yilgi mavsum oldidan yana muhokama qilinishi mumkin.