\"Turon\" esingizdami? Yaypanga katta futbol qaytdi, faqat boshqa nom bilan!
“Turon” professional futbol klubi o'z faoliyatini yakunlaganligi haqida avvalroq xabar bergan edik. Klub sobiq matbuot kotibi Bekzod Tolipovning xabar berishicha Yaypanga katta futbol yana qaytdi!

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida sports24.uz sobiq “Turon”ning mahalliy murabbiylar shtabi bilan bog'landi.

Gap shundaki, Farg'ona viloyatining O'zbekiston tumanida yangi futbol klubi tashkil etildi. Bu safar yosh klub “Yaypan” nomi bilan musobaqalarda ishtirok etadi. “Yaypan” jamoasi “Yaypan” shahrida joylashgan va faoliyati yakunlangan “Turon”ning infrastrukturasidan foydalanadi.

“Tulporlar”ga tegishli bo'lgan klub bazasi va u yerdagi futbol maydoni yurtimizdagi eng yaxshilaridan biri hisoblanadi.

Mahalliy yoshlarga e'tibor qilishni maqsad qilgan “Yaypan” jamoasi davlat tomonidan moliyalashtirilishi aytilmoqda.

Klubning yangi logotividagi shakllar O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston prezidentlari tomonidan tashkil qilingan “Do'stlik” stelasi ramzini aks ettiradi.

