«Manchester Yunayted» Hyurtseler uchun katta miqdorda tovon puli to‘lashi mumkin
«Manchester Yunayted» Maykl Kerrikning ehtimoliy o‘rinbosarlari ro‘yxatiga Fabian Hyurtselerni kiritdi. Biroq «Brayton»ning amaldagi bosh murabbiyini taklif qilish mankunianliklarga rekord darajadagi mablag‘ga tushishi mumkin. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bermoqda.
Yozda 33 yoshli nemis mutaxassisi «Brayton» bilan shartnomasini 2029 yilgacha uzaytirdi. Shartnomada belgilangan tovon puli ko‘rsatilmagan. Shu sababli murabbiyni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan klub «chaykalar» rahbariyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara olib borishiga to‘g‘ri keladi.
Murabbiylar uchun to‘langan tovon puli bo‘yicha avvalgi rekordlar Grem Potter va Yulian Nagelsmann bilan bog‘liq kelishuvlarga tegishli. «Chelsi» Potter uchun «Brayton»ga 21,5 million funt sterling to‘lagan bo‘lsa, «Bavariya» Nagelsmann uchun «RB Leyptsig»ga 21,7 million funt sterling to‘lagan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Hyurtseler jamoani tark etgan taqdirda, «Brayton» bundan ham ko‘proq tovon puli talab qilishi mumkin.
Nemis mutaxassisiga bo‘lgan qiziqish uning jamoasi qayd etayotgan natijalar bilan ham bog‘liq. Angliya Premyer-ligasining dastlabki yetti turidan so‘ng «Brayton» uchinchi o‘rinni egallab turibdi va chempionatda eng ko‘p gol urgan jamoa hisoblanadi.