“PSJ” yulduzlari “Oltin to‘p” marosimida qatnasha olmaydi
Fransiyaning “PSJ” klubi futbolchilari 26-oktabr kuni Londonda o‘tkaziladigan “Oltin to‘p” taqdirlash marosimida ishtirok eta olmasligi mumkin. Bunga Parij jamoasining “Lion”ga qarshi uchrashuvi boshqa sanaga ko‘chirilgani sabab bo‘ldi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Fransiya chempionati doirasidagi “PSJ” – “Lion” uchrashuvi dastlab 25-oktabrga belgilangan edi. Biroq Parijda rejalashtirilgan ommaviy namoyishlar va xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab bahs 26-oktabrga qoldirildi.
Natijada Parij klubining rasmiy uchrashuvi Londondagi “Oltin to‘p” marosimi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi. Usmon Dembele, Ashraf Hakimiy, Xvicha Kvaratsxeliya va Markinyos kabi nomzodlarning tadbirda qatnashishi noaniq bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumot uchun, “PSJ” va “Lion” o‘rtasidagi uchrashuv 26-oktabr kuni Parijdagi “Park de Prens” stadionida mahalliy vaqt bilan soat 20:30 da boshlanishi belgilangan. “Oltin to‘p” taqdirlash marosimi esa shu kuni London shahrida tashkil etiladi.