O‘zbekiston milliy jamoasining noyabr oyidagi o‘yinlari boshlanish vaqti e’lon qilindi
O‘zbekiston milliy jamoasi noyabr oyidagi FIFA kunlari doirasida ikkita xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
Fabio Cannavaro boshchiligidagi milliy jamoa 9–17 noyabr kunlari Rossiya va Saudiya Arabistoni milliy jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Dastlabki uchrashuv 12 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston milliy jamoasi Rossiyaga qarshi maydonga tushadi. Bellashuv soat 20:00 da start oladi.
Ikkinchi o‘yin esa 17 noyabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida tashkil etiladi. Unda «oq bo‘rilar» «Jassim bin Hamad» stadionida Saudiya Arabistoni milliy jamoasi bilan kuch sinashadi.
Ushbu uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da boshlanadi. Bu bahslar milliy jamoamiz uchun navbatdagi xalqaro sinov vazifasini o‘taydi.