«Galatasaray» Batrakovning maoshini oshirib, tovon pulini 100 million yevroga yetkazmoqchi
«Galatasaray» rahbariyati 21 yoshli rossiyalik yarim himoyachi Aleksey Batrakov bilan yangi shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda taniqli jurnalist Sulaymon Rodop xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Istanbul klubi futbolchiga yillik maoshi 5 million yevroga yetkaziladigan yangi bitim taklif qilmoqchi. Eslatib o‘tamiz, rossiyalik futbolchi bir necha oy oldin «Galatasaray» bilan yillik 3,25 million yevro maosh ko‘zda tutilgan shartnoma imzolagandi.
Shuningdek, «sherlar» rahbariyati Batrakovning shartnomasidagi tovon puli miqdorini amaldagi 55 million yevrodan 100 million yevroga oshirish niyatida. Avvalroq futbolchining vakillari yangi shartlar bo‘yicha muzokara o‘tkazishga tayyor ekani haqida xabar berilgandi.
«Galatasaray» yozgi transferlar oynasida Batrakovni «Lokomotiv»dan 25 million yevroga sotib olgandi. Yarim himoyachi Turkiya grandi safida barcha musobaqalarda 12 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.