«Buxoro» Xomyakov va Salomov bilan shartnomani uzaytirdi
«Buxoro» futbol klubi direktori Shavkat Salomov hamda jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov bilan tuzilgan shartnoma 2027 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
«Viloyat rahbariyati va mutasaddilar klub rahbariyati hamda murabbiylar shtabiga to‘liq ishonch bildiradi. Shavkat Salomovning oqilona rahbarligi, Aleksandr Xomyakovning boy tajribasi va professional yondashuvi jamoaning kelgusi taraqqiyoti, barqaror natijalari hamda yangi marralarni zabt etishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamoaning maydonda namoyish etayotgan o‘yini va qayd etayotgan natijalari tanlangan yo‘lning samaradorligini ko‘rsatmoqda. Hamkorlikning uzaytirilishi esa «Buxoro»ning uzoq muddatli maqsadlari sari izchil harakat qilishiga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, viloyat hokimi, Buxoro viloyati futbol assotsiatsiyasi prezidenti Botir Komilovich Zaripovga futbolimiz rivoji va «Buxoro» jamoasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz!» — deyiladi xabarda.