“Manchester Yunayted” 100 ming o‘rinli yangi stadion loyihasini muxlislar bilan muhokama qilmoqda
Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi 100 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi stadion qurish loyihasi bo‘yicha muxlislar fikrini o‘rganishni boshladi. Rahbariyat arenaning yakuniy dizaynini ishlab chiqishda ishqibozlar takliflarini ham inobatga olmoqchi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, klub muxlislar o‘rtasida maxsus so‘rovnoma o‘tkazmoqda. Unda bo‘lajak stadionning qulayliklari, tribunalar muhiti, tarixiy an’analarni saqlab qolish, chiptalar narxi va transport masalalariga e’tibor qaratiladi. Ishqibozlar 6-noyabrga qadar o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin.
“Manchester Yunayted” rahbariyati yangi arena nafaqat zamonaviy stadion, balki klubning ko‘p yillik tarixini aks ettiruvchi maskan bo‘lishini istamoqda. Yangi stadionni hozirgi “Old Trafford”dan taxminan 350 metr shimoli-g‘arbda qurish rejalashtirilgan. Loyihaning dastlabki qiymati 2 milliard funt sterlingdan ortiq bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, “Manchester Yunayted”ning amaldagi “Old Trafford” stadioni 1910-yilda ochilgan. Klub rejalashtirayotgan yangi 100 ming o‘rinli arena amalga oshirilsa, Angliyadagi eng yirik futbol stadionlaridan biriga aylanadi. Hozircha uning yakuniy dizayni va qurilishning tugash sanasi tasdiqlanmagan.