locale OZ

Yamal, Keyn yoki Messi: 2026 yilgi «Oltin toʻp»ni kim qoʻlga kiritadi?

Gʻolib kim boʻlishini taqdirlash marosimi kuni bilish mumkin.
Maqolalar
Yamal, Keyn yoki Messi: 2026 yilgi «Oltin toʻp»ni kim qoʻlga kiritadi?
Фото: Getty Images

2026 yilgi «Oltin toʻp» sohibi kim boʻlishiga aniqlik kiritilishiga koʻp vaqt qolmadi. Internetda ovoz berish natijalari va ehtimoliy gʻolib haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Biroq bunday mish-mishlarga ishonishga shoshilmaslik kerak. Tashkilotchilar bir necha yildan buyon ovoz berish natijalarini taqdirlash marosimida gʻolib nomi eʼlon qilinguniga qadar sir saqlab kelishadi. Shu bois natijalar oldindan maʼlum boʻlgani haqidagi xabarlarga shubha bilan qarash lozim.

Toʻrt yulduz — bitta sovrin

Bu yilgi ovoz berishning oʻziga xos jihati shundaki, boshqa daʼvogarlardan yaqqol ustun boʻlgan yagona favorit yoʻq. Klublar miqyosidagi mavsum yakunlanganidan keyin vaziyat nisbatan tushunarli edi, ammo Jahon chempionatidagi natijalar kurashni yanada qiziqarli qilib yubordi.
Maʼlumki, yirik xalqaro musobaqalar oʻtkaziladigan yillarda, ayniqsa, Jahon chempionatidagi oʻyinlar futbolchining «Oltin toʻp» uchun imkoniyatlariga katta taʼsir koʻrsatadi. Lionel Messi buning yaqqol misoli boʻla oladi.

Jahon chempionatidan keyin sovrin uchun toʻrt asosiy daʼvogar sifatida Kilian Mbappe, Lionel Messi, Lamin Yamal va Garri Keyn tilga olindi. Mbappe Chempionlar ligasi va Jahon chempionatining eng yaxshi toʻpurari boʻldi. Messi mundialda eng yaxshi futbolchilardan biri sifatida namoyon boʻlib, Argentina terma jamoasining finalga chiqishida katta rol oʻynadi. Yamal Ispaniya bilan jahon chempioniga aylandi va oʻz avlodining eng yorqin futbolchilaridan biri ekanini yana bir bor koʻrsatdi. Keyn esa oʻtgan mavsumda klub va terma jamoa miqyosida eng koʻp gol urgan futbolchi boʻldi.

Har bir nomzodning gʻalaba uchun oʻz dalillari bor. Biroq taqdirlash marosimi yaqinlashgan sari Messi va Mbappening imkoniyatlari pasayib, asosiy kurash Yamal va Keyn oʻrtasida kechishi kutilmoqda. Shunga qaramay, futbolda kutilmagan natijalar ham boʻlib turishini unutmaslik kerak.

«Oltin toʻp» sohibini aniq mezonlarsiz jurnalistlar ovoz berish orqali tanlar ekan, bu sovrin maʼlum darajada subyektiv boʻlib qolaveradi. Bu yilgi kurashda qaysi omil ustun keladi: shaxsiy statistika, jamoaviy sovrinlar, xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlar yoki futbolchining nomi?

Kilian Mbappe: eng yaxshi toʻpurar, ammo sovrinlarsiz

Oʻtgan mavsum yakunlariga koʻra, «Real» va Fransiya terma jamoasi hujumchisi nafaqat Ispaniya chempionatining, balki Chempionlar ligasi va Jahon chempionatining ham eng yaxshi toʻpurari boʻldi.

Albatta, bunday natijalar gʻolibni aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Biroq «Oltin toʻp» uchun kurashda shaxsiy statistikaning oʻzi yetarli emasligi koʻp bor kuzatilgan. Jamoaviy yutuqlar ham muhim oʻrin tutadi. Mbappeda esa oʻtgan mavsumda bunday muvaffaqiyatlar boʻlmadi.

«Real» mavsumni birorta rasmiy sovrinni qoʻlga kiritmasdan yakunladi. Bu madridliklar uchun XXI asrdagi shunday holatlarning beshinchisi boʻldi.
Bundan tashqari, Mbappe 2026 yilgi Jahon chempionatini bronza medalisisiz yakunladi. Fransiya terma jamoasi uchinchi oʻrin uchun bahsda Angliyaga magʻlub boʻldi.

Shu sababli, shaxsiy koʻrsatkichlari yuqori boʻlishiga qaramay, Mbappening «Oltin toʻp» uchun imkoniyatlari cheklangan deb baholanmoqda.
Lionel Messi: toʻqqizinchi «Oltin toʻp» uchun soʻnggi imkoniyatmi?
Lionel Messining Jahon chempionatidagi ajoyib oʻyinidan keyin futbol olamida uning toʻqqizinchi «Oltin toʻp»ni qoʻlga kiritishi mumkinligi haqida jiddiy gap-soʻzlar paydo boʻldi.

Koʻpchilik 39 yoshli futbolchining kuchli terma jamoa oʻyiniga shu qadar katta taʼsir koʻrsatishi va Argentinani deyarli yakka oʻzi finalga olib chiqishi mumkinligidan hayratda qoldi.

Messini tanqid qiluvchilarning asosiy eʼtirozlaridan biri — uning maydonda koʻp yugurmasligi. Ammo shunday holatda ham raqiblardan ustun kelib, dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri boʻlish uchun qanchalik yuksak mahorat talab etilishini inobatga olish kerak.

Shunga qaramay, Jahon chempionatidan bir necha oy oʻtgach, Messi atrofidagi shov-shuv pasaydi. Buni tushunish mumkin: futbolchi qanchalik buyuk boʻlmasin, «Oltin toʻp»ni faqat Jahon chempionatidagi oʻyinlari uchun berish toʻgʻri boʻlmasdi.

Bundan tashqari, argentinalik yulduz bir necha yildan buyon Yevropadan tashqarida toʻp tepmoqda. Shu bois uning sovrinni qoʻlga kiritish imkoniyati yuqori emas. Biroq Messining faoliyati yana bir «Oltin toʻp» bilan yakunlanishi futbol tarixidagi eng chiroyli voqealardan biri boʻlishi mumkin edi.

Lamin Yamal: jahon chempioni va yangi avlod yulduzi

«Oltin toʻp» uchun asosiy daʼvogarlardan biri — Lamin Yamal. Uning sovrinni qoʻlga kiritishi uchun bir nechta asos bor: Ispaniya chempionatining eng yaxshi futbolchilaridan biri boʻlgani, mamlakat chempioniga aylangani, Ispaniya terma jamoasi bilan Jahon chempionatida gʻalaba qozongani va oʻz avlodining eng yorqin vakillaridan biri ekani.

Yodlatib oʻtamiz, Yamal oʻtgan yili «Oltin toʻp» uchun ovoz berishda ikkinchi oʻrinni egallagan va Usmon Dembelleden ortda qolgan edi.

Ispaniyalik iqtidor egasining statistikasi ham eʼtiborga molik. Biroq gollar soni boʻyicha u Keyndan ancha ortda. Yamal oʻtgan klub mavsumini yuqori saviyada oʻtkazgan boʻlsa-da, Jahon chempionatida oʻz imkoniyatlarini toʻliq namoyon eta olmadi.

Bunga musobaqa oldidan tayyorgarlik jarayonini oʻtkazib yuborishiga sabab boʻlgan jarohat taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkin. U faqat hal qiluvchi bosqichlarga yaqin formaga kirdi.

Bu holat «Oltin toʻp» uchun kurashayotgan har bir futbolchining kuchli va zaif tomonlari borligini yana bir bor koʻrsatadi.

Garri Keyn: faoliyatidagi eng yaxshi mavsum

2026 yilgi «Oltin toʻp» uchun eng asosiy daʼvogarlardan biri Garri Keyn boʻlib turibdi.

U «Bavariya» bilan Germaniya chempioni va mamlakat kubogi sohibi boʻldi, shuningdek, Chempionlar ligasining yarim finaliga qadar yetib bordi. «Real» va «Barselona» esa Yevropaning eng nufuzli klublar musobaqasida chorak final bosqichidayoq ishtirokini toʻxtatdi.

Keynning yana bir ustunligi — uning ajoyib natijadorligi. Hujumchi klub va terma jamoa safida jami 73 ta gol urdi. U Lionel Messining 2011/12 yilgi mavsumda qayd etgan 82 ta gollik natijasiga yaqinlashdi.

Biroq Keynning ham zaif nuqtasi bor: u Lamin Yamal kabi jahon chempioni boʻla olmadi. Angliya terma jamoasi ham finalga chiqa olmadi — hal qiluvchi bahs oldidan Argentinaga magʻlub boʻldi.

Shunga qaramay, angliyaliklar medalsiz qolishmadi. Uchinchi oʻrin uchun uchrashuvda ular Mbappe boshchiligidagi Fransiya terma jamoasini magʻlub etishdi.

Keynning jamoaviy sovrinlari va yuqori natijadorligi uning «Oltin toʻp» uchun kurashdagi asosiy dalillari boʻlib qolmoqda.

2026 yilgi «Oltin toʻp»ni kim qoʻlga kiritadi?

Taqdirlash marosimi yaqinlashgan sari bukmekerlar Garri Keynning imkoniyatlarini yuqoriroq baholamoqda. Buning sabablaridan biri — futbolchilarning maydondagi natijalari bilan birga, oʻzini qanday tutishi ham jamoatchilik munosabatiga taʼsir qilishi mumkin.

Lionel Messi hech qachon «Oltin toʻp»ni talab qilmagan boʻlsa-da, ushbu sovrinni sakkiz marta qoʻlga kiritgan va bu borada mutlaq rekordchi hisoblanadi. U Krishtianu Ronaldudan uchta sovringa koʻp ega.

Manbada qayd etilishicha, «Oltin toʻp» uchun 30 nafar nomzod roʻyxati eʼlon qilinganidan keyin Mbappe sovrinni qoʻlga kiritish istagini faol tarzda bildirgan. Keyinchalik Yamal ham shunga oʻxshash yoʻl tutgan. Keyn esa boshqacha yoʻlni tanlagan va bu, hech boʻlmaganda, bukmekerlar bahosida oʻz aksini topgan.
Material tayyorlangan paytda bukmekerlar Keynning gʻalaba qozonish imkoniyatini taxminan 54 foiz, Yamalnikini 34 foiz deb baholagan. Mbappe va Messining imkoniyatlari esa taxminan 6 foizdan koʻrsatilgan.

Ushbu baholarga koʻra, 2026 yilgi «Oltin toʻp»ning eng ehtimoliy sohibi — Garri Keyn. Angliyalik hujumchi ajoyib mavsum oʻtkazib, yuqori natijadorlik koʻrsatdi va «Bavariya» bilan bir nechta sovrinni qoʻlga kiritdi.
Uning asosiy raqibi esa, shubhasiz, Lamin Yamal boʻlishi mumkin. Ispaniya terma jamoasining Jahon chempionatidagi gʻalabasi yosh yulduzning imkoniyatlarini oshirishi mumkin.

Shu bilan birga, «Oltin toʻp» sohibi kim boʻlishini faqat taqdirlash marosimidagi yakuniy natijalar hal qiladi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting