Lionel Messi Ispaniyada minglab muxlislar tomonidan kutib olindi
Argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi Ispaniyaning Oviedo shahriga tashrif buyurdi. Futbolchi 2026-yilgi Asturiya malikasi nomidagi sport mukofotini qabul qilish uchun mamlakatga kelgan. Uning tashrifi muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu haqda EFE axborot agentligi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Messi 22-oktyabr kuni Oviedoga yetib kelgan va shahar markazidagi mehmonxona oldida yuzlab muxlislar tomonidan kutib olingan. Argentinalik futbolchi muxlislar bilan suratga tushib, ularga dastxat bergan. Shundan so‘ng u shahardagi Sport saroyida tashkil etilgan maxsus tadbirda ishtirok etgan.
Messi bilan uchrashuvga olti mingdan ortiq kishi, asosan bolalar va o‘smirlar tashrif buyurgan. Tadbir davomida futbolchi yoshlarga o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, sportda mehnatsevarlik, hurmat va mag‘lubiyatlardan saboq chiqarish muhimligini tushuntirgan. U shuningdek, futbol natijalaridan qat’i nazar, o‘yindan zavq olish kerakligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Messi 2026-yilgi Asturiya malikasi sport mukofotiga futbolchilik faoliyatidagi yutuqlari hamda xayriya ishlari uchun munosib ko‘rilgan. Mukofotni topshirish marosimi 23-oktyabr kuni Oviedodagi “Kampoamor” teatrida o‘tkazilishi belgilangan.