locale OZ

Luis Kachorri: “Gol – jamoaviy mehnat samarasi”

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Luis Kachorri: “Gol – jamoaviy mehnat samarasi”
ФОТО: FC Bunyodkor

1998 yilning 24 fevral kuni Italiyaning Latsio hududidagi Ronchilyone kommunnasida albaniyaliklar oilasida tug‘ilgan Luis Kachorri bugungi kunda O‘zbekiston Superligasida 4 ta gol bilan to‘purarlik qilib turibdi. Biz tajribali hujumchi bilan suhbatlashdik.

Sports24.uz Luis Kachorri bilan suhbat:

– Bu yilgi mavsum siz uchun ham, “Bunyodkor” uchun ham yaxshi boshlandi. Klubingiz 3 ta turda 7 ochko to‘pladi va mag‘lub bo‘lgani yo‘q. O‘zingiz esa 3 ta o‘yinda raqiblar darvozasiga jami 4 ta to‘p kiritdingiz va hozirda chempionat to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilmoqdasiz. Superligamizda gol urish osonlashdimi?

– Mavsum omadli boshlangani rost. Dastlabki turda kuchli tarkibga ega bo‘lgan “Neftchi” bilan jangovar durang qayd etdik - 2:2. So‘ngra safarda “Sho‘rtan”ni (2:0) va o‘z maydonimizda “Surxon”ni mag‘lub etdik (3:1). Dastlabki uchrashuvda ikki marta men yo‘llagan zarbamdan keyin to‘p darvoza ustunlariga tegib qaytdi, biroz omadim kelmagandi. Shukrki keyingi ikkita bahsda ikkitadan gol urdim. Lekin Superligada gol urish osonlashdi demagan bo‘lardim, sababi bu mashg‘ulotlardagi og‘ir mehnatning samarasi hisoblanadi. Bundan tashqari golni men urganim bilan futbol bu jamoaviy sport turi, sheriklarim yordamisiz men umuman gol ura olmasdim.

– Siz o‘tgan yil ham “qaldirg‘ochlar” sharafini himoya qilgansiz. Superligadagi 12 ta uchrashuvda maydonga tushib, atigi 3 ta gol urgandingiz. Nega samaradorlik past edi?

– To‘g‘ri ta’kidladingiz, o‘tgan mavsumda 3 ta gol urdim. Buning sabablari bor albatta. Birinchisi, men O‘zbekistonga endi kelgandim va bu mamlakatga moslashishim kerak edi. Hozir o‘zimni juda qulay his qilmoqdaman. Ikkinchisi, bu mavsum boshqacharoq o‘yin uslubida o‘ynayapmiz. Menga aynan shu uslub ko‘proq mos keladi. Gollar esa aytganimdek jamoaviy mehnat samarasi hisoblanadi.

– Ilyos Zeytullayev bilan ikkinchi yil birga ishlayapsiz. U qanday inson va qanday murabbiy?

– Bosh murabbiy inson sifatida barcha futbolchilar bilan ajoyib munosabatda, payti kelsa hazilkash, ba’zida jiddiy. Murabbiy sifatida esa juda ham mehnatkash va o‘z ishiga professional munosabatda bo‘ladi.

– “Bunyodkor” bu mavsum chempion bo‘la oladimi? Qaysi klublar chempion bo‘lishi mumkin deb o‘ylaysiz?

– To‘g‘risi taxmin qilishni yoqtirmayman. Mavsum endigina boshlandi, atigi 3 ta tur ortda qoldi xolos. Superligada jamoalar soni oshirilgani uchun endi 26 emas 30 ta tur o‘tkazamiz. Demak, oldinda 27 ta tur bor. Bir narsani aniq ayta olaman: “Bunyodkor” har bir o‘yinda faqat g‘alaba uchun o‘ynaydi.

– Bu yil kamida nechta gol ura olaman deb o‘ylaysiz?

– Men hujumchi sifatida har bir bahsda gol urishga intilaman, u yog‘i Yaratuvchidan. Asosiysi men qancha gol urishim emas, jamoaning g‘alabasi. Agar jarohatlar meni chetlab o‘tsa, umid qilamanki, ko‘p gol uraman.

– Jahonda qaysi hujumchining o‘yinlari sizga ko‘proq yoqadi?

– Angliya terma jamoasi hujumchisi Xarri Keynning o‘yinlari va harakatlarini kuzataman. Uning darajasi juda ham yuqori.

Sports24.uz Kachori bilan O‘zbekiston Superligasining 4-tur “Buxoro” va “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan oldin suhbatlashdi. “Bunyodkor” 2:0 hisobida g‘alaba qozondi, Luis esa maydonda barcha 90 daqiqa harakat qildi.

Kun avval tahririyatimiz FK “Buxoro” hujumchisi Shohruz Norxonov bilan ham intervyu qilgan edi.

Farhod Fayziyev
Farhod Fayziyev
Ekspert
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting