Shohruz Norxonov: «O‘zbekistonlik hujumchilar ham to‘purar bo‘la olishlarini isbotlamoqchiman»


Buxaroning «Buxoro» klubi o‘tgan yil Pro ligada ishtirok etdi va ikkinchi o‘rin bilan Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 2025 yilgi Superliganing dastlabki 3 ta turida Ulug‘bek Bakaev boshchiligidagi jamoa 2 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etdi. «Buxoro» safida tajribali hujumchi Shohruz Norxonov «Xorazm» bilan bahsda dublga erishdi. E’tiborli jihati, Norxonov bu yilgi Superligada penaltilardan gol urgan birinchi futbolchiga aylandi. Biz 4-tur arafasida hujumchi bilan suhbatlashishga qaror qildik.
Sports24.uz Shohruz Norxonov bilan suhbat:
– «Buxoro» uchun mavsum yaxshi boshlandi desak bo‘ladi. Pro ligadan chiqqan klub 3 ta o‘yindan 6 ochko oldi. Jamoadagi muhit qanday?
-Jamoada muhit a’lo darajada. Dastlabki 3 ta o‘yindan 6 ochko to‘pladik. To‘g‘ri, tarkibga ko‘p yangi futbolchilar qo‘shildi, ammo jamoaning o‘zagi saqlanib qoldi. Yangi kelgan legionerlar jamoaga tezda qo‘shilib ketishdi. Bundan tashqari, mahalliy yosh futbolchilarning o‘yini ham muxlislarga yoqmoqda. Qaysi raqib bo‘lishidan qat’i nazar, «Buxoro» ularga bemalol raqobat qila oladi. Hech qaysi klub «Buxoro»ga Pro ligadan chiqqan jamoadek munosabatda bo‘lmasligini maslahat berardim.
– Ulug‘bek Bakaev bilan oldin ham ishlagansiz. Orada boshqa murabbiylar bilan ishlab qaytdingiz. Bakaev uslubida o‘zgarishlar bo‘lganmi?
-Ulug‘bek Istamovich bilan oldin ham ishlaganman. Bu murabbiy bilan 3-4 ta mavsum birga ishlaganman. Uning o‘zi ham hujumchi bo‘lgan. Shu bois Bakaevdan ko‘p narsalar o‘rganganman va o‘rganishda davom etmoqda. Futbol bir joyda turmaydi, shu bois o‘yin uslubiga qo‘shimchalar kiritilgan. Murabbiy har doim futbolchilardan qo‘rqmasdan oxirigacha o‘ynashini talab qiladi. Bu narsa menga yoqadi. Boshqa murabbiylar bilan ham ishlaganman, ammo Ulug‘bek akaning taktik sxemasi menga ko‘proq mos keladi.
– 2023-2024 yillarda Superligada jami 5 ta gol urdingiz. Bu yil esa 3 ta turdayoq 2 ta gol urishga erishdingiz. Buxorolik muxlislar Norxonovdan 2025 yilda kamida 10 ta gol kutishi mumkinmi?
– To‘g‘ri, o‘tgan mavsumlarda kam gol urdim, o‘yin amaliyotim ham kam bo‘lganini ta’kidlashni istardim. Futbolchilik faoliyatimda pasayish bo‘lganini ham tan olaman, lekin 2025 yilgi mavsum yaxshi boshlandi. O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlayman va ko‘proq gol urishni xohlayman. To‘g‘ri, muxlislar hujumchidan doim gol kutishadi. Bu mavsum 10 tadan ham ko‘proq gol urishni va to‘purarlar poygasiga qo‘shilib, o‘zbekistonlik hujumchilar legionerlar bilan raqobat qila olishini isbotlashni maqsad qilganman.
– 2016 yil «Obod» safida Superligada debyut qilgansiz va o‘sha yil 14 ta to‘p kiritgansiz. 9 yil oldingi Norxonov bilan hozirgining 3 ta asosiy farqini aytib bering.
– «Obod» jamoasi men uchun tramplin vazifasini o‘tib bergan. O‘sha mavsumda urg‘an gollarimdan ko‘proq gol urishni niyat qilganman. Shu bois bor e’tiborim mashg‘ulotlarga va o‘yinlarga qaratilgan. 3 ta farq: futbolga qarashim ancha o‘zgardi, yoshim kattaroq bo‘ldi va tajribam ancha oshdi.
– 4-tur «Bunyodkor»ga qarshi kechadi. Raqib safida schempionat to‘purari Luis Kachorri o‘ynamoqda. Uning o‘yinlari haqida qanday fikrdasiz?
– «Bunyodkor»ga qarshi bahs muxlislarga yoqadigan o‘yin bo‘ladi deb o‘ylayman. Albatta, Kachorrining o‘yinlarini kuzatib boryapman. Yaxshi saviyadagi hujumchi, yaxshi gollar urmoqda. Keyingi bahslarda ham unga omad tilayman. Lekin yuqorida aytganimdek, bu mavsum o‘zbekistonlik yaxshi hujumchilar ham borligini ko‘rsatishga harakat qilaman.

Futbol
Kecha da 17:06

Futbol
Kecha da 14:13

Futbol
Kecha da 13:19